O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Sog‘liqni saqlash kodeksi loyihasini ishlab chiqdi. Hujjatda sog‘liqni saqlash sohasidagi amaldagi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning normalarini birlashtirish va unifikatsiyalash taklif etiladi, deb xabar berdi Norma.uz.

Hujjat 21 bob va 180 moddadan iborat. Unda sog‘liqni saqlash tizimini va tibbiy yordamni tashkil qilish masalalari yoritilgan. Tibbiyot va farmatsevtika faoliyati, sog‘liqni saqlash sohasidagi taraflarning huquqlari va majburiyatlari tartibga solinadi.

Loyihaga davlat tomonidan tartibga solish, sohani boshqarish, tibbiyot muassasalari nazorati, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi idoralararo o‘zaro munosabatlar tartibi kiritilgan.

Kodeksda sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish mexanizmlarini tavsiflovchi bo‘limlar mavjud. Shuningdek, u sanitariya-epidemiologiya nazoratini tashkil qilishni tavsiflaydi. Bundan tashqari, hujjat sog‘liqni saqlash sohasidagi ta’lim va ilmiy faoliyatni tartibga solish masalalarini qamrab olgan.

Loyiha muhokamasi 04.12.2020 gacha davom etadi.