Bu yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda kelgan chet el fuqarolari soni 1,4 mln kishini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 72,6 foizga kamaygan. Ushbu davr mobaynida turistik maqsadlarda chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni esa 1,6 mln kishini tashkil etdi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ko‘rsatkich 73,5% ga kamaygan). Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Umumiy ko‘rsatkichlar

9 oy davomida MDH davlatlaridan O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolari 1,3 mln kishidan iborat bo‘lib, bu jami tashrif buyurganlarning 95,6 foizini tashkil etadi, boshqa davlatlardan esa 59,2 ming kishi (yoki 4,4%) kelgan.

So‘ngi uch yil davomida O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolar soni (ming kishi):


MDH davlatlaridan
Boshqa davlatlardan
Jami
2018
3674,6
240,9
3915,5
2019
4565,6
372,9
4938,5
2020
1295,1
59,2
1354,3

Yanvar-sentabr oylarida MDH davlatlariga ketgan O‘zbekiston fuqarolari 1,5 mln kishini tashkil etgan bo‘lib, bu jami ketganlarning 93,0 foizini tashkil etadi, boshqa davlatlarga esa 114,1 ming kishi (yoki 7,0%) ketgan.

So‘ngi uch yil davomida O‘zbekistondan chet elga ketgan fuqarolar soni (ming kishi):


MDH davlatlariga
Boshqa davlatlarga
Jami
2018
6316,6
277,0
6593,6
2019
5852,5
342,8
6193,6
2020
1525,3
114,1
1639,4

9 oy davomida O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining 50,8 foizini (687,5 ming kishi) erkaklar, 49,2 foizini (666,8 ming kishi) ayollar tashkil etdi. Turistik maqsadlarda chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining 54,6 foizini (894,7 ming kishi) erkaklar, 45,4 foizini (744,7 ming kishi) ayollar tashkil etdi.

O‘zbekistonga kirish va undan chiqish yo‘nalishlari

Respublikaga kelgan chet elliklarning asosiy qismi Qirg‘izistondan 424,8 ming kishi (barcha tashrif buyurganlarning 31,4 foizi), Qozog‘istondan 399,8 ming kishi (29,5%), Tojikistondan 333 ming kishi (24,6%), Rossiyadan 70 ming kishi (5,2%), Turkmanistondan 60,6 ming kishi (4,5%), Ozarbayjondan 2,0 ming kishi (0,1%) va Belarusdan 1,3 ming kishi (0,1%) tashrif buyurgan.

Xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga kelgan chet yel fuqarolarining asosiy qismi Turkiyadan 15,2 ming kishi (1,1%), Janubiy Koreyadan 6 ming kishi (0,4%), Xitoydan 5,1 ming kishi tashrif buyurgan.

Chet elga ketgan O‘zbekistonliklarning asosiy qismi, ya’ni 42,7 foizi Qirg‘izistonga (700,3 ming kishi), 30,1 foizi Qozog‘istonga (494,3 ming kishi), 16,2 foizi Tojikistonga (265,9 ming kishi), 2,8 foizi Rossiyaga (45,2 ming kishi), 2,3 foizi Turkiyaga (38 ming kishi), 1,0 foizi Turkmanistonga (16,2 ming kishi), 0,9 foizi BAAga (15,4 ming kishi), 0,6 foizi Janubiy Koreyaga (9,7 ming kishi), 0,1 foizi Germaniyaga (1,4 ming kishi) va 0,1 foizi Xitoyga (ming kishi) ketishgan.

Safarlarning asosiy maqsadlari

O‘zbekistonga kelgan chet yel fuqarolarining asosiy safar maqsadlari bu — qarindoshlarni yo‘qlash bo‘lib, bular 88,5 foizni tashkil etadi. O‘z navbatida, sayyohlik maqsadida — 8,6 foiz, davolanish maqsadida — 1,0 foiz, xizmat yuzasidan — 0,9 foiz, tijorat uchun — 0,7 foiz, o‘qish uchun — 0,3 foiz chet el fuqarolari tashrif buyurgan.

Ushbu davr mobaynida chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolarining safar maqsadlari bo‘yicha taqsimlanishidan ko‘rish mumkinki, ularning 87,2 foizi o‘z qarindoshlarini yo‘qlash maqsadida, 7,4 foizi sayyohlik maqsadida, 3,4 foizi o‘qish maqsadida, 1,4 foizi xizmat yuzasidan va 0,6 foizi davolanish maqsadida ketgan.

Fuqarolarning yoshi bo‘yicha taqsimlanishi

Bu yilning yanvar-sentabr oylarida kelgan 18 yoshgacha bo‘lgan chet el fuqarolarining 61 ming nafari erkaklar va 59 ming nafari ayollar, 19−30 yoshlilarning 163,9 ming nafari erkaklar va 94 ming nafari ayollar, 31−55 yoshlilarning 358,3 ming nafari erkaklar va 351,5 ming nafari ayollar, 56 yosh va undan kattalarning 104,3 ming nafari erkaklar va 162,3 ming nafari ayollardan iborat.

Ushbu davrda chet elga ketgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yoshi bo‘yicha taqsimlanishidan ko‘rish mumkinki, ularning 47,6 foizi 31−55 yoshlilar, 31,5 foizi 19−30 yoshlilar, 15,1 foizi 56 yosh va undan kattalar va 5,8 foizini 18 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.