Oliy Majlis Senati sakkizinchi yalpi majlisida «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida"gi qonuni ko‘rib chiqildi. Mazkur qonunni tayyorlashga prezidentning 2019 yil 18 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asos bo‘lib xizmat qilgan.

Senat axborot xizmati xabar berishicha, yalpi majlisda ushbu Qonun Senat qo‘mitasi, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari va ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilishi jarayonida uning ayrim moddalari qo‘yiladigan talablarga javob bermasligi qayd etilgan. Senatorlar ushbu qonunni rad etish bo‘yicha qaror qabul qilishdi.

Jumladan, qonunning 12-moddasi beshinchi va 25-moddasi oltinchi xatboshilarini «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunning 5-moddasiga muvofiqlashtirish lozimligi bildirildi.

Davlatning qimmatbaho metallarni sanoat usulida qazib olishni amalga oshiruvchi korxonalar faoliyatiga aralashuvini kamaytirish maqsadida qonunning tegishli moddalari normalarini qayta ko‘rib chiqish va 15-moddasi talablarini amaldagi qonunchilik hujjatlari normasi bilan muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, qonunning 22-moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan normani O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 24 avgustdagi 6044-sonli farmoni, ya’ni mazkur yo‘nalishdagi faoliyat litsenziyalanadigan faoliyat turlariga kirmasligi to‘g‘risidagi talabga muvofiqlashtirish kerakligi ham qayd etildi.