O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audiyozuvda o‘z xodimiga haqoratli so‘zlar ishlatganini tan oldi.

«Audioyozuvdagi keskin fikrlar va Alter Ego loyihasiga berilgan intervyu borasida: Men rahbar shaxs og‘ir vaziyatlarda ham vazminlik bilan harakat qilishi lozimligi to‘g‘risidagi fikrimda qat’iy turaman va yuqoridagi holatda o‘zim shu fikrga qarshi harakat qilganimni tan olaman. Yuzaga kelgan vaziyatda mas’uliyatni his qilgan holda, men yuqoridagi xodim bilan alohida suhbatlashdim va biz birgalikda yoqimsiz hodisaga to‘liq barham berdik. Lekin bu meni mas’uliyatdan forig‘ qilmaydi», — deb yozdi u.

Audioyozuvning tarqalishi borasida quyidagilarni aytib o‘tdi.

«Hech kimga sir emaski, soliq tizimida islohotlar boshlangan, shu bilan birga juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan. Afsus bilan aytish kerakki, haligacha ayrim holatlarda tadbirkorlarga nisbatan «sog‘in sigir» sifatida qarab, ularning hisobidan o‘z xizmat vazifalarini, eng yomoni — ayrim hollarda esa shaxsiy manfaatlarini ko‘zlayotgan shaxslar uchrab turibdi.

Yuqoridagi videoda aynan shunday holatlar muhokama qilingan edi. Birinchi holatda — tadbirkorga ortiqcha to‘langan QQS summasi o‘z vaqtida qaytarilmagan, ikkinchi holatda — asossiz ravishda xisob raqami band qilinib undagi mablag‘lar undirilmoqchi bo‘lgan.

Masaladan yaqindan xabardor bo‘lganlar yaxshi bilishadiki, xodimlarning bunday mas’uliyatsiz hatti-harakatlari videoda aytib o‘tilgan ikkala tashkilotning ham faoliyati to‘xtatilishi kabi jiddiy oqibatlarga olib kelgan edi. Hozirda ushbu korxonalarning faoliyati to‘liq qayta tiklanishiga erishildi.

Afsuski, bugungi kunda bu kabi masalalarni hal etishda shaxsan mening aralashuvim talab etilmoqda.

Shu bilan bir vaqtda, biz yaqin kelajakda soliq organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga qasddan yoki tasodifan aralashuv imkoniyatini butunlay yo‘qqa chiqaradigan yangi tizimni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqdamiz.

Bunday yangiliklar kimgadir yoqadi, kimgadir esa — yo‘q. Tizimdagi o‘zgarishlarga qarshi bo‘lganlar turli usullar bilan o‘zgarishlarga qarshilik qilishga harakat qilishadi.

Lekin barcha tushunishi kerakki, biz oldimizga soliq tizimini tadbirkorlarga ko‘mak beradigan tizimga aylantirish bo‘yicha aniq maqsad qo‘yganmiz.

Bu juda murakkab jarayon bo‘ladi va hamma ham biz bilan bu yo‘lning oxirigacha birga bosib o‘tolmasligi mumkin, kim bilandir xayrlashishga to‘g‘ri keladi, kim bilandir allaqachon xayrlashdik. Lekin, bir masalada ishonchim komilki, xodimlarimizning katta qismi ushbu o‘zgarishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va ularni amalga oshirishda faol ishtirok etadi.

Yakunda shuni ma’lum qilmoqchimanki, yuqoridagi holat bo‘yicha qo‘mita Hay’atining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yuqoridagi masalalar atroflicha muhokama qilindi va tashkilotimiz faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha xulosalar qilindi".