O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilidan nutq so‘zladi.

«Gazeta.uz» prezidentning asosiy fikrlarini taqdim etadi.

Pandemiya davrida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasi sessiyasi tarixda birinchi marta butunlay yangi formatda — koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn muloqot rejimida bo‘lib o‘tayotganliini qayd etdi. «Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi», — dedi u.

«Shu yo‘lda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa’y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik. Maqsadimiz — har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir», — deya ta’kidladi prezident.

Shavkat Mirziyoyev BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etdi. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim.

Shuningdek, prezident tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma’qullashini ta’kidladi.

Yoshlar siyosati

«Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda. Yangi Parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. BMTning fuqaroligi bo‘lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig‘iga javoban shu yilning o‘zida 50 ming yurtdoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi berildi», — deya O‘zbekistondagi islohotlarga to‘xtaldi davlat rahbari.

Prezident avgust oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida yoshlar huquqlariga bag‘ishlangan Samarqand xalqaro forumi o‘tkazilganini eslab, jahon hamjamiyatini Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti konvensiyasini qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Bundan tashqari, Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz», — dedi u.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik

Prezident Markaziy Osiyodagi hamkorlik masalalarini ham qayd etib, oxirgi to‘rt yilda O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi salkam besh barobarga o‘sganligini ta’kidladi. «Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim strategik vazifa turibdi. U ham bo‘lsa, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyasini ta’minlashdir», — dedi u.

Shu munosabat bilan, mamlakat rahbari BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochishni taklif etdi.

«Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdorimiz. Ma’lumki, mintaqamizning ko‘hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega. Biz 2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida „Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida“ degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazishga tayyormiz».

«Afg‘oniston — Markaziy Osiyoning ajralmas qismi»

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida qabul qilishini ta’kidladi.

«2018 yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi afg‘on muammosini yechish uchun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini safarbar etishda yangi bosqich bo‘ldi.

Biz joriy yilning sentyabr oyida Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu muzokaralar jafokash afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlik o‘rnatishiga umid qilamiz. Mintaqada iqtisodiy integratsiya jarayonlariga Afg‘onistonni keng jalb etish maqsadida «Surxon — Puli Xumri» elektr uzatish tarmog‘ini, Mozori Sharifdan Hind okeani portlariga chiqadigan temir yo‘l qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga kirishdik.

Fikrimizcha, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatish masalalari Birlashgan Millatlar Tashkilotining doimiy e’tibor markazida bo‘lib qolishi zarur.

Faqat birgalikda va yaqin hamkorlik orqali biz afg‘on xalqining ezgu orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishimiz mumkin. Bu borada «Beqaror va vayronkor vaziyatdan — tinchlik va bunyodkorlik sari» degan tamoyil asosida ish olib borish muhimdir. Shu boisdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish lozim. Ushbu qo‘mitaning asosiy vazifasi Afg‘onistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ko‘mak berishdan iborat bo‘lishi zarur".

Global iqlim o‘zgarishi va Orol muammosi

Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri — global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta’sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda.

E’tiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qiladi. Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Jahonda qashshoqlikka qarshi kurashish

Jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zo‘ravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambag‘allikning global muammolarini kuchaytirmoqda. Bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olmoqda. Tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarur. Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazishni taklif etamiz.".