29 iyun kuni Prezident farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat organining vazifalariga korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish kiradi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida avvalgi lavozimlarida korrupsiyaga qarshi qanday kurashganligi, korrupsiyani qo‘zg‘atuvchi omillar, qonunchilikdagi bo‘shliqlar, xodimlarni ishga qabul qilish jarayonlarining qanday o‘tayotganligi va agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish rejalari haqida gapirib berdi.

— 2014 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan davrda siz voqealarga boy yo‘lni bosib o‘tdingiz. 2014 yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati edingiz. 2017 yilda siz «Taraqqiyot strategiyasi» markazining ijrochi direktori etib tayinlandingiz. So‘ng «Yuksalish» umummilliy harakatiga rahbarlik qildingiz. Shu vaqt ichida siz korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga duch keldingizmi va yangi lavozimga o‘z tajribalaringizdan kelib chiqib, qanday amaliyotni tatbiq qilyapsiz?

— Ha, afsuski, nafaqat professional darajada, balki kundalik hayotda ham korrupsiya holatlariga duch keldim.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazida va «Yuksalish» umummilliy harakatida biz dolzarb masalalarni ko‘tarishgaharakat qilardik. Faoliyatimiz yo‘nalishlaridan biri islohotlarning borishi va davlat dasturlarining amalga oshirilishi ustidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirish edi. Biz har oy amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot taqdim qilardik, parlament va hukumatga davlat dasturining qanday amalga oshirilganligi to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlarni taqdim etardik.

Fuqarolik jamiyati instituti sifatida biz haqiqiy holatni ko‘rsatardik, qayerdadir kechikishlar bo‘lgan, qayerdadir dastur o‘z vaqtida bajarilmagan yoki qoniqarsiz bajarilgan. O‘shanda vazirliklar va idoralardan, hokimliklar darajasida ularning kamchiliklari va ularning nomlari tilga olinmasligini so‘rab menga qo‘ng‘iroqlar bo‘lardi. O‘ylashimcha, bu ham shubhasiz korrupsiya holatidir.

Bundan tashqari, biz korrupsiya mavzusida yoki boshqa yo‘nalishlarda turli xil tadqiqotlar o‘tkazardik, jamoatchilik fikrini o‘rganardik. Natijalarni keng ommaga e’lon qilganimizda, ba’zi bir davlat amaldorlari tomonidan «nasihat o‘qish» yo‘li bilan menga xato qilayotganim va bunday qilmasligim kerakligini uqtirishga qaratilgan tahdidlar bo‘lgan. Bu kabi holatlar ham amaliyotda uchragan.

— O‘shanda korrupsiyaga qarshi qanday choralarni qo‘llagandingiz? Ular o‘z samarasini ko‘rsatdimi?

— Avvalo, o‘zim uchun shunday xulosa chiqardim: monitoring jarayoni faqatgina menga bog‘liq bo‘lmasligi kerak. Jarayonda bir yoqlamalik va boshqa tushunmovchiliklar kelib chiqmasligi uchun, ayniqsa viloyatlar va kichik hududlarda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda monitoring tadbirlarini tashkil qildik. Boshqa jamoat tuzilmalari va mustaqil inson huquqlari tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzdik.

Qiyin vaziyatda qolmaslik uchun barcha faoliyatning shaffofligi va oshkoraligini ta’minlash zarurligini tushundim. Shunda men hammaga «Mening bunga aloqam yo‘q. Bu yerda hamma ishladi. Biror narsani yashirishning ilojini qilolmasdim», deb aytishim mumkin edi.


Faoliyatimiz («Taraqqiyot strategiyasi» markazi, «Yuksalish» umummilliy harakati" va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi) davomida xodimlarni ishga qabul qilishdan tortib, boshqaruv yoki moliyaviy qarorlarni qabul qilishgacha biz imkon qadar ochiq bo‘lishga harakat qildik va harakat qilmoqdamiz. Biz har doim jamoatchilikka tayanamiz. Har bir ishimiz to‘g‘risida OAVni xabardor qildik, barcha ishlarimizni namoyon etdik.

Ochiqlik — korrupsiyaning oldini olishning asosiy omillaridan biridir.

Yana bir misol, Sardobadagi falokatdan so‘ng, Adliya vazirligi bilan birgalikda xayriya aksiyasini tashkil qildik va maxsus hisob raqamini ochdik. Biz har kuni jamoatchilikka qayerdan va qancha pul kelib tushayotgani hamda nimaga sarflanayotgani to‘g‘risida ma’lumot berib turdik. Bu ishlarning barchasi jamoaviy hal qilindi va voqea joyiga chiqildi. Men o‘zim ikki marta borib, yig‘ilgan narsalar va mablag‘lar qayerga va kimga berilganini nazorat qildim.

— Siz «Taraqqiyot strategiyasi» markaziga va keyinchalik «Yuksalish» harakatiga ular tashkil qilingan davrlarda rahbarlik qildingiz. Endi siz Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining direktori etib tayinlandingiz. Siz boshqargan oldingi tashkilotlarning har biri bugun faoliyatini faol davom ettirmoqda. Sizningcha, rahbar qanday ishlashi kerak, u ishdan ketganidan keyin ham tizim uzilishlarsiz ishlashi uchun tashkilotda qanday «meros» qoldirish kerak?

— Afsuski, O‘zbekistonda hamma narsa shaxsga bog‘liq. Agar biz kimnidir yaxshi bilsak, u qayerda ishlashidan qat’iy nazar, demak o‘sha yerda ish yaxshi ketyapti deb o‘ylaymiz. Bundan tashqari, biz har doim «qo‘l boshqaruvi» deb nomlangan qarorlarni va oxir-oqibat qoidaga aylanadigan istisno holatlarini oqlash uchun minglab bahonalarni topamiz. Bunday bo‘lmasligi kerak, biz, albatta, yetarlicha egiluvchan tizimni yaratishga intilishimiz kerak.

Masalan, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe yaqinda iste’foga chiqdi. Yaponiya jamiyatida bu borada alohida tashvishlanish holatlari va noaniqlik hissi yo‘q. Chunki ularda tizim bor. U yerda kim bosh vazir bo‘lishi muhim emas, chunki tizim — muvozanatlarning samarali tizimi va qarorlarni qabul qilish mexanizmi barcha sohalarda birdek ishlaydi. Masalan, men Yaponiyadagi universitetda ishlaganimda, rahbariyat ko‘p marta o‘zgargan. Rahbarlar har ikki yilda almashtiriladi, ammo xodimlar tarkibi o‘zgarmaydi. Mamlakatimizda kimdir vazirlik yoki idorada o‘zgarganda, hamma «menga nima bo‘ladi», «qanday rahbar keladi» degan besaranjom xayollar bilan yurishni boshlaydi. Afsuski, tizim mavjud emas.

Markazda ham, «Yuksalish»da ham men tizimning ishlashi, jamoaning ishlashi va menga hech narsa bog‘liq bo‘lmasligi uchun qo‘limdan kelganicha harakat qildim.Albatta, tashkilotning yuzi sifatida men juda ko‘p chiqishlar qilardim, ammo orqamda jamoa bor edi va men ketganimdan keyin ham ushbu tizim ishlayapti. Hamma yerda, barcha yo‘nalishlarda xuddi shunday bo‘lishi kerak.

Qanday qilib, tizim hali ham birdek ishlashiga erishildi? Chunki, sizni ishontirib ayta olamanki, hech qachon yolg‘iz qaror qabul qilmasdim. Qaror qabul qilishda hamma ishtirok etadi, barchada tashkilot taqdiriga daxldorlik hissi bor edi. Barchada intilish bor edi: agar rahbariyat kim bo‘lishidan qat’iy nazar xodim o‘z qobiliyatini namoyon qilsa va ishini ko‘rsata bilsa, unda o‘sish imkoni bor edi.

Afsuski, ko‘pincha bizdagi davlat organlarida ba’zi masalalarni hal qilish faqat qaysidir bir mansabdor yoki xodimga bog‘liq bo‘lib qoladi. Shunday holatlar bo‘ladiki, qaysidir tashkilotlarga ma’lum bir hujjatlar yuzasidan qo‘ng‘iroq qilganimizda, bizga «bu masala bilan falon kishi shug‘ullanadi, lekin hozir u yo‘q. Kelganida siz bilan bog‘lanadi» deb javob berishadi. Mana, hamma narsa shaxsga bog‘liq.

Masalan, Yaponiyada barcha yo‘nalishlarda kim mas’ul ekanligini bilmaysiz. Hatto qarorlar va hujjatlarda ham kim nima uchun mas’ulligi yozilmaydi. Ya’ni, u yerda butun jamoa ishlaydi. Ish natijalari va qabul qilingan qarorlar uchun hamma birdek javobgar. Va ularda qarorlar pastdan yuqoriga qarab qabul qilinadi. Ya’ni, eng quyi darajadagilar qanday qaror qabul qilinishini bilishadi. Barcha qarorlar pastdan chiqishi sababli, xodimlarning barchasi daxldorlikni his qiladi. Bu holatda rahbariyat uchun ham ijro osonroq kechadi, chunki qarorni ishlab chiqishda hamma birdek qatnashgan.

Bizda, masalan, hokimliklar xodimlari ko‘pincha qaysi qaror yoki farmoyish qaror qabul qilinishini bilmaydilar, ular hujjat e’lon qilinganidan keyingina o‘zgarishlar haqida bilib oladilar.

— Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunda korrupsiyaga ta’rif berilgan. Umuman korrupsiya nima va korrupsiyaning qanday turlari bo‘lishi mumkin?

— Korrupsiyaning juda ko‘p turlari mavjud. Biz shunday muammoli vaziyat bilan to‘qnash keldikki, hatto huquqni muhofaza qilish idoralarida ham korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga nisbatan turli xil yondashuvlar mavjud. Ba’zi idoralar qaysidir huquqbuzarliklarni korrupsiya deb bilishadi, ba’zilari esa yo‘q. Shuning uchun avvalo qaysi huquqbuzarlik yoki qaysi harakat korrupsiyaviy holat ekanligini aniqlash kerak.

Bir voqea bo‘lgan edi: hokim muhtasham tadbir o‘tkazgan. Bu korrupsiyami yoki yo‘qmi? U tadbir uchun yoki qaysidir bir san’atkorning xizmatlari uchun shaxsiy mablag‘laridan to‘laganini ta’kidlashi mumkin. Agar qonunchilikka murojaat qilsak, uning harakati korrupsiya holatimi yoki yo‘qmi, aniqlay olmaymiz.

Masalan, bizda turli sabablar bilan sovg‘alar berish holati ko‘pincha hukumat amaldorini o‘z tomoniga og‘dirish yoki pora sifatida qabul qilinmaydi. Chet mamlakatlarda esa, agar davlat xizmatchisi kimdirdan sovg‘a oladigan bo‘lsa, bu holda sovg‘a beruvchi unga bo‘y sunuvchi yoki undan bog‘liq bo‘lishi shart emas, bu holat lavozim suiste’moli sifatida korrupsiya holatiga tekshirish uchun sabab hisobalanadi.

Menimcha, davlat mulki yoki maqomini suiste’mol qilishning har qanday ko‘rinishi korrupsiya deb baholanishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik tushunchasi mansab vakolatini suiste’mol qilish va belgilangan tartib va taqiqlarni buzish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab jinoiy, ma’muriy va intizomiy huquqbuzarliklarni qamrab oladi.

Afsuski, bizning qonunchiligimizda, masalan, Jinoyat kodeksida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida bo‘lim yo‘q. Undahamma narsa iqtisodiy prizmadan o‘tadi. Asosiy e’tibor iqtisodiy jinoyatchilikka qaratilgan. Agar yetkazilgan zarar qoplangan bo‘lsa, deyarli barcha iqtisodiy jinoyatlar uchunozodlikdan mahrum qilish tarzida jazo tayinlanmaydi va ba’zi hollarda esa hatto jazodan ozod qilish ko‘zda tutilgan. Boshqa mamlakatlar misolida lavozim jinoyatlariga nisbatan jamoatchilik nafrati, davlat ishlari bilan shug‘ullanishdan umrbod mahrum bo‘lish kabi qat’iyroq sanksiyalar va murosasiz munosabatni ko‘ramiz.

— Xalqimiz orasida «tanish-bilish» degan tushuncha mavjud. G‘arb mamlakatlarida «networking» tushunchasi bor. «Tanish-bilishchilik» va «networking» o‘rtasida qandaydir chegara bormi?

— «Tanish-bilishchilik» va «netvorking» o‘rtasida aniq farq bo‘lishi kerak. Netvorking har doim yaxshi, rivojlangan mamlakatlarda, agar odamda netvork — shaxsiy aloqalar bo‘lsa, uning ishlari yaxshi rivojlanadi. Ammo, bu hech qanday tarzda manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirmasligi lozim.

Masalan, rivojlangan mamlakatlarda har bir davlat idorasi va xususiy tashkilotda manfaatlar to‘qnashuvining aniq tushunchasi mavjud. Bizda hamma narsa aralashib ketgan — «tanish bilish» ham, manfaatlar to‘qnashuvi ham, biz o‘zimiz hali oxirigacha chegara qayerda o‘tganligini to‘liq anglab yetmaganmiz. Afsuski, barchamiz «tanish-bilish» bu mentalitet deb aytamiz. Ammo madaniyatimiz va urf-odatlarimizni davlat xizmati bilan adashtirmasligimiz kerak.


Masalan, biz agentligimizga ishga qabul qilish uchun tanlov e’lon qilganimizda, bizga juda ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, jumladan, yuqori amaldorlardan ham. Ular: «Buni ishga ol, u qobiliyatli, senga shunaqa odamlar kerak, ishonchli va bilgan odamlarni ishga olish kerak» deyishardi. Men «Agar u qobiliyatli bo‘lsa, unda bizda jamoat komissiyasi bor, sinov jarayonlari mavjud. Men kimni ishga olish va olmaslik to‘g‘risida qaror qabul qila olmayman yoki buyura olmayman», deb javob berardim.

Ular shuni tushunishlari kerakki, aynan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi shaffof tuzilma bo‘lishi kerak, biz xolisligimiz va adolatimizga shubha qilinishi uchun sabablar yoki ishoralar yaratishga haqqimiz yo‘q. Ammo, afsuski, hatto mansabdor shaxslar, davlat organlari vakillari ham bu farqlarni to‘liq anglamaydilar.

Buning uchun nafaqat qonuniy, balki tizimli yondashuv ham talab qilinadi. Qonunchilikka biror narsani kirgizish juda oson. Ammo biz hammani davlat ishlari hech qachon xususiy ishlar bilan to‘qnashmasligi kerakligiga ishontirishimiz kerak.

— Sizningcha, O‘zbekistonda korrupsiyani qo‘zg‘atuvchi omillarga nimalar kiradi? Korrupsiya elementlarining paydo bo‘lishiga nimalar ta’sir qilishi mumkin?

— Bizning tahlillarimiz shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda korrupsiyaning rivojlanishiga ta’sir qiluvchi uchta asosiy omil mavjud.

Birinchidan, yetarli bo‘lmagan ochiqlik va ma’lumotning yo‘qligi. Davlat idoralarining yopiqligi sababli ommaviy axborot vositalari ham o‘z vazifalarini to‘liq bajara olmaydilar. Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, oshkoralik korrupsiyaning oldini oluvchi birinchi omillardan sanaladi. Agar davlat idorasi yoki mansabdor shaxs jamoat oldida o‘z faoliyati to‘g‘risida — moliyaviy masalalardan tortib ishga qabul qilinishgacha hisobot bersa, bu korrupsiyani kamaytirishga yordam beruvchi ochiqlik bo‘ladi.

Ikkinchidan, fuqarolik jamiyati ishtirokining yetishmasligi. Hukumat idorasi, hattoki bizning agentligimiz hech qachon fuqarolik jamiyati ishtirokisiz korrupsiyaga qarshi samarali kurasha olmaydi. Buning uchun esa kuchli fuqarolik jamiyati zarur. Ammo men fuqarolik jamiyati umuman ishlamaydi deb ayta olmayman, ijobiy o‘zgarishlarni barchamiz guvohi bo‘lyapmiz. Biroq, baribir davlat fuqarolik jamiyatiga ko‘proq suyanishi, unga yordam berishi va rag‘batlantirishi kerak. Agar davlat korrupsiyani ildiziga bolta urishni istasa, fuqarolik jamiyatining ko‘magi davlatning o‘zi uchun muhim yordamdir. Nafaqat agentlik yaratish, balki bu ishga fuqarolik jamiyatini jalb qilish ham muhimdir.

Uchinchidan, jazosiz qolish hissi. Albatta, qonunchiligimizda poraxo‘rlik uchun jazo choralari ko‘zda tutilgan. Ammo ma’lum vaqt o‘tgach, biz pora olganlarni yana davlat organlarida, qaysidir tashkilotlarda ko‘ramiz. Odamlar bunday jiddiy qonunbuzarlik ham qoralanmaydi va hatto qayerdadir kechiriladi degan fikrga borishi mumkin. Kimdir, demak, menga ham mumkin deb o‘ylaydi, agar qo‘lga tushsam ham, ikki yoki uch yil o‘tirib chiqaman va davom etaman degan xayolga boradi. Bu ham muhim omil.

Qattiq jazo va oqibatlar bo‘lishi kerak. Shaxsan men korrupsioner amaldorlarning amnistiya qilinishi va ularni ish uchun qayta tiklanishlariga qarshiman. Lavozim jinoyatlari, ayniqsa poraxo‘rlik uchun jazo boshqalarni bu yo‘ldan qaytaruvchi namuna bo‘lishi kerak.

Boshqa davlatlarda korrupsiya qattiq jazolanayotganini ko‘ryapmiz. Masalan, Yaponiyada, har doim ham jinoyatga olib kelmaydigan kichik bir rasmiy qoidabuzarlik uchun amaldor iste’foga chiqadi. U jarima to‘lashi mumkin, ammo u davlat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan umrbod mahrum bo‘ladi.

— So‘nggi intervyularingizdan birida siz qonunchilik darajasida korrupsiyaning gullab-yashnashi uchun sharoitlar mavjud, degan edingiz. Misollar keltira olasizmi? Bundan tashqari, korrupsiya darajasini pasaytirish uchun qonunchilikka qanday o‘zgartirishlar kiritilishi kerak?

— Avvalo, biz davlat idoralari vakillari uchun pora olish imkoniyatini beryapmiz. Qog‘ozbozlik jarayonlari juda ko‘p — litsenziyalash, ruxsatnoma berish jarayonlari — bu davlat idoralari vakillari foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqaruv vakolatlaridir. Ularni sezilarli darajada kamaytirishimiz kerak.

Yaqinda litsenziyalashni qisqartirish to‘g‘risida davlatimiz prezidenti tomonidan farmon imzolandi. Bu ish davom ettiriladi. Litsenziyalash va ruxsatnoma berish jarayonlari ayrim sohalarda bo‘lishi mumkin, ammo bu davlat organlari orqali amalga oshirilmasligi kerak, hech bo‘lmaganda davlat-xususiy sherikchilik asosida ish yuritish lozim. Hamma narsa muomalasiz bo‘lishi uchun inson omilini barcha darajalarda kamaytirish kerak. Ruxsat berishdan xabar berish jarayoniga o‘tish kerak.

Ikkinchidan, bizda davlat xizmati to‘g‘risida qonun yo‘q, bu sohada yagona qonunchilik bazasi mavjud emas. Yagona taqiq va cheklovlar, kafolatlar va jarayonlar o‘rnatilmagan, manfaatlar to‘qnashuvini hal qilish tizimi tartibga solinmagan. Bunday huquqiy bo‘shliqda har qanday vazirlik ishga qabul qilish bo‘yicha o‘z qoidalarini ishlab chiqadi, bilganicha tanlov o‘tkazadi va ba’zi hollarda xodimlar hech qanday tanlovsiz ishga qabul qilinadi. Menimcha, qonunni qabul qilish vaqti keldi, qonun loyihasi sezilarli darajada yaxshilandi.

Uchinchidan, qonunda bo‘shliqlar va mansabdor shaxslarning ma’muriy qarorlari uchun juda katta maydon mavjud. Buning yorqin namunasi — Ma’muriyjavobgarlik to‘g‘risidagi kodeks. Masalan ba’zi ma’muriy huquqbuzarliklar bazaviy hisoblash miqdorining 5 dan 10 baravarigacha jarima to‘lash kerak. Nega aniq 10 baravaremas? Natijada, davlat xizmatchisida jarima miqdorini kamaytirish uchun pora talab qilish imkoniyati mavjud.

Aniq jazo choralari ko‘rsatilishi lozim. Ba’zi mamlakatlarda fuqarolar aniq bilishadi, agar ular qandaydir qonunbuzarlik sodir etsalar, ular ma’lum miqdorda jarima to‘laydilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati bilan birgalikda biz bunday korrupsiya bo‘shliqlari mavjud bo‘lgan qonunlarni inventarizatsiya qilish bo‘yicha ishlarni boshladik. Biz ularni bosqichma-bosqich yopamiz va qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritamiz. Bundan buyon biz korrupsiyaga sharoit yaratadigan qoidalar va me’yorlarni aniqlash bo‘yicha korrupsiyaga qarshi ekspertiza samaradorligini nazorat qilamiz.

— Qanday qilib odamlarni pora bermaslikka ishontirish mumkin? Korrupsiyaga qarshi tura olish ong osti darajasigacha chiqishi uchun qanday tizimli choralar ko‘rish zarur?

— Biz odamlarni faqat amaliy choralar bilan ishontira olamiz. Ya’ni, ular o‘zlarining namunalarida, amalda, masalani pulsiz ham hal qilish mumkinligini ko‘rishlari kerak. Shunday ekotizimni yaratishimiz kerak.

Buning uchun, avvalambor, inson omilini butunlay chiqarib tashlash kerak. Fuqaro va davlat idorasi o‘rtasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda zarracha inson omili bo‘lmasligi kerak.

Shaffof tizim va ochiq ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Masalan, avtomobillarga davlat raqamlarini sotish. Umuman olganda, men barcha raqamlar ochiq sotuvda sotilishi tarafdoriman. Aytaylik, menga «113» raqami yoqdi. Ushbu raqam sotilmaydi. Ammo, agar xodim menga aniq shu raqam kerakligini bilsa, u pora talab qilishi mumkin. Shuning uchun hamma narsa shaffof bo‘lishi kerak. Agar kimdir bino yoki yer sotib olmoqchi bo‘lsa, hamma bilishi uchun barcha ma’lumotlar internetda bo‘lsin.

Barcha davlat idoralari oddiy fuqarolarning pullari, daromadlari va soliqlari hisobiga mavjudligini bilishlari kerak.

Albatta, bunda fuqarolar ham faol ishtirok etishlari kerak. Ular har qanday korrupsiya sodir etilgan holatlar to‘g‘risida xabardor qilishlari shart. Fuqarolar xabardor bo‘lishi, ma’lumotlar tekshirilishi va har bir murojaatga javob bo‘lishi uchun davlat idoralari maxsus tizim yaratishi kerak.

— Sizningcha, bizning xalqimizda soliq to‘lovchilar o‘z huquqlarini to‘liq tushunib yetishadimi? Odamlar, davlat ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar tufayli mavjud ekanligini bilishadimi?

— Afsuski, har doim ham emas. Albatta, shaharlarda va ta’lim olgan fuqarolar buni tushunishadi, ular mansabdorlardan o‘zlarining bevosita vazifalarini bajarishni talab qilishni bilishadi. Ammo hududlarda, afsuski, hamma narsa boshqacha, ko‘pincha davlat xizmatchilari fuqarolar oldidagi burch tuyg‘usini anglamaydilar.

Har bir inson, fuqarolik jamiyatining har bir vakili buni talab qilishi kerak va davlat idoralari buni his qilishi kerak. Davlat xizmatchisi o‘z lavozimi, maoshi va oilasining kelajagi byudjet mablag‘lari hisobidan shakllanadigan davlat xizmatiga bog‘liqligini, byudjet mablag‘lari esa asosan soliqlar hisobidan shakllanishini bilishi kerak. Buni hamma tushunishi kerak.

— Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlanganingizga bir oydan oshdi. Intervyularingizdan birida siz, birlamchi vazifangiz avvalo mamlakatdagi korrupsiya holatini baholashdan iboratligini aytdingiz. Agentlik ushbu yo‘nalishda birinchi qadamni tashlay oldimi?

— Albatta, bizda hali ishchilar yo‘q, ammo hamkor tashkilotlarimiz — Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari, Prezident huzuridagi davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi, Hisob palatasi va xalqaro tashkilotlar yordamida tahlilni boshladik.

Biz hamma yo‘nalishlarda tahlil qilishni boshladik. Faoliyatimizning birinchi natijasi 27 iyul kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish bo‘ldi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirishga e’tibor qaratildi. «Yashirin iqtisodiyot» korrupsiyaga asoslanadi, korrupsiya esa o‘z navbatida yashirin iqtisodiyotning asosiy tarkibiy qismidir. Ular doimo birga yurishadi. Birinchi marta davlat rahbariyati darajasida bizning mahalliy va xalqaro ekspertlarning tahlillari natijalari -«yashirin iqtisodiyot» ulushi 48 foizgacha yetishi e’lon qilinganidan xursand bo‘ldim.

Biz ham «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha takliflar bildirgan edik. Ushbu yo‘nalishda biz yil oxiriga qadar barcha vazirliklar, idoralar va sohalarda korrupsiyaga qarshi mexanizmlar joriy etilishiga erishdik.

Korrupsiyadan qaysi sohalar ko‘proq zarar ko‘rayotganini bilish uchun biz ko‘plab sohalarni o‘rganib chiqdik. Afsuski, bugungi kunda korrupsiya holatlari nafaqat kundalik hayotda, balki davlat darajasida ham, ko‘proq davlat xaridlari tizimida aniqlanmoqda. Shuning uchun biz Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash oldiga ikkita masalani qo‘ydik: davlat xaridlari va sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishni boshlash. Kengash qarori bilan ishchi guruhlar tuzildi.

Bundan tashqari, biz Milliy Kengashni korrupsiyaga qarshi kurashning besh yillik milliy strategiyasini qabul qilish kerakligiga ishontira oldik. Xalqaro tashkilotlar ishtirokida ushbu hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan.

— Prezident chet el davlatlari, jumladan Janubiy Koreya, Singapur va Yevropa davlatlari tajribasini o‘rganishga e’tibor qaratishingizni so‘radi. Ushbu mamlakatlar strategiyasining qaysi elementlarini O‘zbekistonga moslashtirish mumkin?

— Prezident faoliyatimizning birinchi kunlaridanoq O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini joriy etishning eng yaxshi yo‘lini topish uchun xorijiy tajribani o‘rganishni buyurdi. Xalqaro tashkilotlar bizga Singapur, Janubiy Koreya va Yevropa mamlakatlaridan mutaxassislarni jalb qilishda yordam berishdi. Ular korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha katta tajribaga ega. Hozir biz ushbu mamlakatlar tajribasini o‘rganmoqdamiz.

Masalan, Singapurda korrupsiyaga qarshi islohotlar boshlanganda, avvalo, qonunchilik bazasi isloh qilingan. Hech qanday jazo choralari ko‘rilmagan, ammo qonunchilikdagi barcha bo‘shliqlarni yopishga qaratilgan qonunchilik inventarizatsiyasi boshlangan. Agar biz qonunchilikni Singapur tajribasidan olsak, Malayziyadan jinoiy jarayonlardan misollar olamiz. Janubiy Koreya tajribasidan biz davlat xizmatini o‘rganamiz, Yevropa mamlakatlaridan esa davlat xaridlari, deklaratsiyalash jarayonlari amaliyotlarini va boshqalarni olamiz.

Ya’ni, biror bir mamlakat tizimini to‘liq qabul qilamiz, deb aytolmayman. Biz faqat O‘zbekistonda joriy etilishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi tajribani olamiz.

— Yagona davlat strategiyasini qabul qilishda u yoki bu vazirlik / idoraning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olinadimi?

— Barcha davlat organlari uchun majburiy bo‘lgan yagona strategiya qabul qilinadi va ularning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ular o‘zlarining korrupsiyaga qarshi mexanizmini ishlab chiqadilar. Biz birinchi bosqichni boshlab bo‘ldik. Barcha davlat idoralari o‘z bo‘limlarida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zlarining yo‘l xaritalari va dasturlarini ishlab chiqdilar. Hisob palatasi, Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzdik va «yo‘l xaritalari» loyihalarini takomillashtirdik.


Biz yil oxiriga qadar tatbiq qilinishi kerak bo‘lgan 26 ta «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqdik. «Yo‘l xaritasi» tanlov asosida ishga qabul qilish, odob-axloq qoidalari, taqiqlar va cheklovlar, shu jumladan sovg‘alar, manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash va hal qilish mexanizmlari, davlat xaridlarining shaffof mexanizmi va ochiqligini ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Ishonchim komilki, bunday ichki nazorat tizimlarining joriy etilishi korrupsiya xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Shuningdek, 2 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi va 5 yilga mo‘ljallangan strategiya qabul qilingandan so‘ng har bir vazirlik va idora o‘z rejalarini ishlab chiqadi va boshqa vazirliklar bilan muvofiqlashtiradi. Ushbu dastur hujjatlari, albatta, qonunchilikdagi o‘zgarishlarni ham nazarda tutadi, ular kompleks xarakterga ega bo‘ladi.

— Agentlikning vazifalariga davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash kiradi. Siz bir suhbatda mazkur mexanizmni 2021 yil boshida ishga tushirishni rejalashtirayotganingizni aytgan edingiz. Bu yo‘nalishda olib borayotgan ishlaringizni qanday baholaysiz? Mexanizm «Davlat xizmatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi talablarini ham inobatga oladimi?

— Qonun loyihasi bo‘yicha ishchi guruh tarkibiga ko‘plab vazirliklar va idoralar, Soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, bizning agentligimiz, Respublika Davlat xizmatlari rivojlantirish agentligi vakillari kiradi. Shuningdek, chet ellik mutaxassislar ham jalb qilingan.

Ushbu tizimni 2021 yil 1 yanvardan boshlab ishga tushirish uchun biz bir vaqtning o‘zida platformani ishlab chiqishimiz kerak. Hozir biz mazkur platforma qaysi tashkilot negizida bo‘lishi ustida bosh qotiryapmiz. Davlat soliq qo‘mitasining mavjud axborot tizimlari asosida platforma yaratish imkoniyati to‘g‘risida fikr bildirilmoqda, qo‘mita umumiy deklaratsiyalashda ma’lum tajribaga ega, bu masala muhokama qilinmoqda. Bir oy ichida biz qonun loyihasini yakunlab, Prezident Administratsiyasiga topshirishimiz kerak.

— Agentlik barcha davlat organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat «compliance control» (komplayens-kontrol) tizimini joriy qilishi kerak. Ushbu tizim to‘g‘risida gapirib bersangiz.

— Compliance-control — qandaydir munosobatlar yuzaga kelganda huquqiy va moliyaviy xatarlarni baholash va boshqarish uchun ichki tizimdir. Eng muhimi, shu yo‘l bilan korrupsiyaga moyil bo‘lgan faoliyat yo‘nalishlarini aniqlash va tahlil qilishning samarali mexanizmlarini yaratish mumkin. Shuningdek, bu tizim turli xil reputatsion tahdidlardan har tomonlama himoyani ta’minlaydi. Ya’ni, bu davlat organining ichki qoidalari. Umumiy qabul qilingan xalqaro standartlar asosida har bir tashkilotda compliance control tizimlari bo‘lishi kerak.

Oddiy qilib aytganda, bu ichki xavfsizlik tizimi. Afsuski, bizda bunday tizim asosan huquqni muhofaza qilish idoralarida bo‘lgan. Negadir korrupsiya hodisalari faqat huquqni muhofaza qilish idoralarida mavjud deb o‘ylangan.

2021 yildan boshlab barcha davlat idoralarida compliance control tizimini amalga oshirilishi uchun siyosiy iroda va mamlakat rahbariyatining ko‘rsatmasi mavjud. Bunda nafaqat o‘zining xavfsizligi, balki korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi ham hisobga olinadi. Chet davlatlarda,ayniqsa biznes tuzilmalarida bu odatiy hodisa.

Ko‘plab davlat idoralari bu borada ish boshladilar, ular o‘zlari compliance control tizimi uchun maxsus bo‘linmalar yaratish tashabbusi bilan chiqdilar. Kelgusi yildan boshlab biz barcha vazirlik va idoralar uchun ushbu tizimni tatbiq etish va alohida compliance controlbo‘limini ochishni majburiy qilmoqchimiz. Toki, biror tashkilotda ishlashni istagan kishi qonundan tashqari qanday o‘yin qoidalari borligini, u yoki bu tashkilotda ishlash uchun qanday mutaxassis bo‘lishi kerakligini bilishi uchun alohida tizimga ega bo‘lsin.

— Korrupsiyaga qarshi kurash kompleks yondashuvga ega bo‘lib, unda mustaqil sudlar muhim rol o‘ynaydi. Mustaqil sudlarning rolini ushbu vazifada qanday baholaysiz?

— Sudlar juda muhim rol o‘ynaydi. Avvalo, biz sudlar va sudyalarning mustaqilligini ta’minlashimiz kerak. So‘nggi tendensiyalar va o‘zgarishlar shuni ko‘rsatadiki, aynan korrupsiyaga qarshi kurashda sud tizimida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.

Sudyalarning mustaqilligini ta’minlash nuqtai nazaridan sudyaning vakolat muddati muhim rol o‘ynaydi.

Uch yil muqaddam inqilobiy islohot bo‘lib o‘tdi, sudyalarga umrbod ishlashga ruxsat berildi: birinchi muddat besh yil, ikkinchi muddat 10, benuqson xizmat qilgan taqdirda esa uchinchi muddatdan boshlab u umrbod tayinlanishi mumkin. Bu ham katta siljish. Ammo biz hali ham ishlashimiz kerak. Masalan, rotatsiya — o‘rin almashish tizimini joriy qilish kerak. Yaponiyada sudyalar har ikki yilda bir marta o‘zgarib turadi.

Oxirgi paytlar sudyalarni tanlash jarayoni ham ochiq o‘tkazilayotganini ko‘ryapmiz. 5−6 yil oldin tanlov jarayoni oshkora bo‘lmagan holatlar bo‘lgan. Endi esa sudyalar hamjamiyati vakillaridan iborat maxsus Sud kengashi tuzildi, ular sudya kim bo‘lishini o‘zlari hal qiladilar. Tanlov jarayonida qatnashish uchun ommaviy axborot vositalariga ham ruxsat beriladi.

Sudyalar faoliyatining shaffofligi, ularning mustaqilligi, tomonlarning protsessual tengligi va sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning aniq protsessual mexanizmi korrupsiyaga qarshi samarali kurashning asosiy omilidir.

— Siz CPI (Transparency Int.) reytingida O‘zbekistonning mavqeini yaxshilash kerakligi to‘g‘risida bir necha bor ta’kidlagan edingiz. 2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 153-o‘rinni egallab turibdi. Sizningcha, mamlakat qanday sharoitlarda bu reytingda ko‘tariladi? Umuman, bu reyting nima uchun muhim?

— Korrupsiya nafaqat davlatning ichki siyosatiga, balki mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘siga ham ta’sir qiladi. Korrupsiyaning holati xalqaro aloqalarni yaratish, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy-madaniy sohalarda salbiy oqibatlarga olib keladi. Shuning uchun xalqaro reytingdagi pozitsiyalarimiz yaxshi bo‘lishi uchun ishlashimiz kerak. Bu mamlakat taraqqiyoti va demokratiyasining barometri hisoblanadi.

Ko‘pchilik hozirda O‘zbekiston faqat xalqaro reytingdagi o‘rnini yaxshilashga intilmoqda, deyishadi. Bu noto‘g‘ri fikr. Xalqaro reytinglarda o‘z mavqeimizni qachon yaxshilaymiz? Faqat davlat ichidagi mavqeimizni yaxshilaganimizda. Xalqaro reytinglar esa ushbu ishlarimizning tan olinishidir.

Afsuski, biz korrupsiyani qabul qilish indeksida 153-o‘rinni egallab turibmiz. Ob’ektiv ravishda nazar solsak, biz u yerda 120-o‘rinda bo‘lishimiz mumkin edi. Bureyting qanday tuziladi va ma’lumotlar qayerdan olinadi? Ochiq ma’lumotlardan. Bizda esa ochiq ma’lumotlar umuman yo‘q.

Hozir biz ma’lumotlar nafaqat agentlikda yoki qaysidir bir huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarda, balki barchada bo‘lishini ta’minlash uchun ish olib bormoqdamiz. Ma’lumotlar ommaga va jamoatchilikka, shu jumladan xalqaro jamoatchilikka ham taqdim etilishi kerak. Shunda har xil reytinglar ham ishonchli, ham ob’ektiv bo‘ladi. Hozircha biz bunday reytinglardan xafa bo‘lolmaymiz va ularni xolis emas deb aytolmaymiz, chunki ayb bizda. Bizda hamma narsa yetarli darajada ochiq emas. Bundan tashqari, agar biz keng miqyosdagi ochiqlikni ta’minlasak, balki 120-o‘rinda bo‘larmiz yoki 170-o‘rinda bo‘larmiz.

Reytinglar juda muhim. Biz milliy indeksni joriy etishni rejalashtiryapmiz. Keyingi yildan boshlab ma’lum bir vazirlikdagi korrupsiya darajasini aniqlash va ularning rahbarlarini baholash uchun alohida idoralarning korrupsiya mavjudligi reytingini va mansabdor shaxslarning reytingini joriy etish rejalashtirilgan. Biz ushbu reytinglarni vaqti-vaqti bilan e’lon qilishni rejalashtiryapmiz va shu bilan xalqaro tashkilotlarga mamlakatimizdagi korrupsiyani qabul qilish darajasini baholashda yordam beramiz.

— Yaqinda Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergani uchun fuqarolarni rag‘batlantirish taklif qilingan. Pul mukofoti miqdori pora miqdori yoki yetkazilgan zarar yoki talon-taroj qilingan mol-mulkning qiymatiga bog‘liq bo‘ladi — BHMning 3 baravaridan mablag‘ning 10−15% gacha. Bu korrupsiya darajasiga qanchalik ta’sir qilishi mumkin?

— Albatta ta’sir qiladi. Oddiy misol, Toshkentda yo‘l harakati qoidalarini buzish faktlari to‘g‘risida ma’lumot berish tizimi joriy etildi, buning uchun pul mukofoti to‘lanadi. Bu, albatta, ta’sir ko‘rsatdi va yo‘l harakati ishtirokchilarini intizomli qildi.

Bunday amaliyot hukumat amaldori uchun to‘xtatuvchi omil bo‘ladi. O‘ylaymanki, bu yaxshi samara beradi, hech bo‘lmaganda xorijiy amaliyotda bunday mexanizmlar o‘zini oqladi.

— Agentlik byudjet xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘rash va o‘rganish huquqiga ega bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar jarayoni haqida gapirib bersangiz.

— Avvalo, byudjet xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar nafaqat agentlik, balki barcha fuqarolar uchun ham ochiq bo‘lishi kerak, biz bunga erishishimiz kerak. Biz boshqa byudjet tashkilotlari bilan birgalikda me’yoriy-huquqiy bazani yaratamiz, bu ma’lumotlarni olishning aniq mexanizmi bo‘ladi.

Yaqinda pandemiya oqibatlarini yumshatish uchun mo‘ljallangan mablag‘lar talon-taroj qilinganligi e’lon qilindi. Ushbu pullarning sarflanish jarayoni ustidan nazorat o‘rnatdik. Biz turli davlat idoralari bilan bog‘landik, ular qayerga va qancha mablag‘ sarflanganligi to‘g‘risida ma’lumot berishga tayyor. Bundan buyon bizda o‘rnatilgan tizim bo‘ladi va biz barcha organlarning xarajatlari va byudjet tushumlarini kuzatib boramiz.

— Aytib o‘tganingizdek, so‘nggi paytlarda ko‘pincha «Mehr shafqat va salomatlik», «Mahalla» jamg‘armalaridan, Sanitar-epidemiologik farovonlik markazidan yoki ishsizlik nafaqasi mablag‘larini talon-taroj qilish holatlariga tez-tez ko‘zimiz tusha boshladi. Ba’zi hollarda, bu ijtimoiy yordamga muhtoj aholi qatlami uchun davlat tomonidan ajratilgan pullar edi. Mutaxassislar ushbu jarayonda vositachilardan foydalanmasdan, pulni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhtojlarga tarqatadigan mexanizmni ishlab chiqishni taklif qilishdi. Nima uchun bu jarayonda vositachilarning ishtiroki baribir qoldi deb o‘ylaysiz? Bunday vaziyatlarning oldini olish uchun nima qilish mumkin?

— Bu holat oldindan taxmin qilingan vaziyat edi. Men boshida pul miqdori juda katta bo‘lsa, vasvasa bo‘ladi deb aytgan edim. Agar bu pul favqulodda vaziyatda ajratilsa, vasvasa ikki baravar ko‘payadi. Tizimning yo‘qligi vijdonsiz kishilarga bundan foydalanish imkoniyatini yaratdi.

Oxirgi talon-taroj qilish faktlari bizning tayyor emasligimizni ko‘rsatdi. Statistik idoralarda ham, kambag‘al fuqarolar bilan ishlaydigan boshqa tashkilotlarda ham kimning qanday holatda ekanligini hisobga olish tizimi mavjud emas edi. Shuning uchun davlat bu pulni qaysidir tashkilotlar orqali ajratishga majbur bo‘ldi. Inson omilini kamaytirish uchun bizda ekotizim, platforma bo‘lishi kerak.

— Sizning agentligingiz koronavirusga qarshi kurashga ajratilgan mablag‘larni o‘g‘irlash holatlari bo‘yicha tekshiruvni boshladi. Bu ish qanday olib boriladi?

— Avvalo, biz O‘zbekistondagi pandemiyani yumshatish bo‘yicha barcha tushumlarni o‘rganmoqchimiz. Bu inqirozga qarshi fondga tushgan hukumat mablag‘lari. Ikkinchidan, bu xalqaro tashkilotlarning mablag‘lari, grant mablag‘lari, shu jumladan xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlari. Uchinchidan, qaysidir fondlar va xayriya tashkilotlari orqali ajratilgan mablag‘lar. Biz bularning barchasini tahlil qilmoqchimiz.

Agar talon-taroj qilish faktlari aniqlansa, ular uchun jazoning muqarrarligini ta’minlaymiz. Hozirning o‘zida aniqlangan faktlar bor, jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, biz bu ishlarning tergov jarayonini kuzatib boramiz. Oxirida esa biz fuqarolarga qancha mablag‘ ajratilganligi va qanday sarflanganligi, kimni va qanday qilib javobgarlikka tortganimiz to‘g‘risida hisobot tayyorlaymiz. Engmuhimi, biz ushbu mablag‘larni davlat xazinasiga qaytarilishini nazorat qilamiz.

— Siz ilgari propaganda jamoatchilik bilan ishlashning eng samarali usuli emas deb aytgan edingiz. Biroq, agentlikning oldida odamlarning korrupsiya masalasida savodxonligini oshirish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishvazifasi turibdi. Propaganda va ma’rifat tomonidan yondashuvning o‘rtasidagi farq nimada?

— Biz «korrupsiya — yovuzlik» deb aytsak va uni barchaga takrorlasak, demak bu propaganda bo‘ladi. Odamlarga korrupsiyaning oqibatlarini ko‘rsatish esa ma’rifat tomonidan yondashuv bo‘ladi. Odamlar korrupsiya nafaqat davlatga, balki oilalarga va ularning kelajagiga zarar yetkazishini bilishlari kerak.

Odamlarda daxldorlik hissi paydo bo‘lishi uchun biz ularni korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilishimiz kerak. Buning uchun yangi yondashuvlar va eng yaxshi amaliyotlardan foydalanishimiz zarur. Yaqinda korrupsiya to‘g‘risida xabar berganlarni moddiy jihatdan rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qaror shunday misollardan biridir.

— Agentlikka xodimlarni ishga qabul qilish qaysi bosqichda ekanligi, ular qaysi mezonlar bo‘yicha saralanganligi to‘g‘risida gapirib bersangiz.

— Biz birinchi o‘rinda nizomni ishlab chiqdik, Adliya vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Prezident ma’muriyati, fuqarolik jamiyati vakillari va psixologlar tarkibida maxsus tanlov komissiyasini tuzdik. Keyinchalik barcha bosqich natijalari komissiya vakillari tomonidan hal qilindi.

Har bir lavozim uchun aniq mezonlarni e’lon qildik. Avvalo, bu ma’lum bir sohadagi tajriba va rahbar lavozimidagi tajriba. Hammasi ochiq-oydin edi. Ariza berish jarayonida inson omili yo‘q edi, nomzodlar hujjatlarni internet orqali onlayn topshirishdi.

13 mingdan ortiq arizalar kelib tushdi. Avvaliga biz ko‘p odamlar ishlashga qiziqish bildirganligi va ular orasidan munosiblarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishimizdan xursand edik. Ammo tanlov jarayonida biz ko‘plab nomzodlarning, ya’ni 90 foizdan ortig‘i boshlang‘ich mezonlarga mos kelmasligini angladik: yetarli tajribaga emas yoki bu sohada ishlamagan.

Oxir oqibat, 13 ming nomzoddan atigi 146 kishi test sinovlariga qo‘yildi. Ijtimoiy tarmoqlarda kimnidir yiqitganimiz, keyingi bosqichga kam odam qabul qilingani yuzasidan e’tirozlar ko‘zga tashlandi. Ammo bizda komissiya bor edi, men hech narsani hal qilmadim. Ba’zi hollarda biz nomzodlarning ish joylaridan tavsiyanomalarni so‘radik, biz barcha ma’lumotlarni hisobga oldik: u qanday mukofotlarga ega, avvalgi ish joyida nima xizmatlar ko‘rsatgan.

4 ta yo‘nalish bo‘yicha 50 savolni o‘z ichiga olgan test sinovlari o‘tkazildi: korrupsiyaga qarshi qonunchilik savodxonligi (25 ta savol), dunyo va O‘zbekistondagisiyosat (10 ta savol), mantiqiy fikrlash (10 ta savol), qolgan 5 ta savol tarix va falsafa fanlaridan edi.

Dastlab, komissiya 65 balldan yuqori ball to‘plagan nomzodlar keyingi bosqichga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Ammo, test natijalari shuni ko‘rsatdiki, atigi 7 kishi 65 balldan yuqori ball to‘plagan. Shu sababli komissiya o‘tish ballini 56 ballgacha kamaytirishga qaror qildi. Natijada 55dan yuqori ball to‘plagan 23 kishi keyingi bosqichga o‘tdi.

Umuman olganda, biz 30 ta bo‘sh ish o‘rniga ishga qabul qilishimizni e’lon qilgandik, afsuski, faqatgina 23 kishi sinovdan o‘tdi. Ular hali yana 2 bosqichdan o‘tishlari kerak: psixofiziologik test va suhbat. Umid qilamanki, so‘nggi bosqichda imkon qadar ko‘proq nomzodlar qoladi.

Sinovdan o‘tmagan 123 kishi kadrlar zaxirasiga kiritildi. Agar suhbatdan so‘ng biz kam odamni ishga olsak, unda bizda ikkita ssenariy mavjud, qaysi birini tanlashni komissiya hal qiladi. Biz birinchi navbatda zaxira kadrlarimiz bilan bog‘lanishni xohlaymiz, shunda ular yana sinovdan o‘tish yoki keyingi bosqichga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shundan so‘ng, biz vaqti-vaqti bilan bo‘sh lavozimlarga qo‘shimcha tanlovlarni e’lon qilamiz. Shuning uchun, men sinovlardan o‘ta olmaganlarga ularda hali imkon borligini, biz ular bilan bog‘lanishimiz mumkinligini aytmoqchiman.

Men natijalardan juda mamnunman. Ariza berganlar orasida tanishlarim juda ko‘p edi: kim bilandir birga ishlaganman yoki kusdoshlarim. Ulardan ba’zilari hatto sinovlarga ham o‘tmadi, ba’zilari esa test sinovlari paytida muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Hammasi ochiq, oshkora va halol bo‘lganidan xursandman.

— Barcha korrupsionerlarga aytmoqchi bo‘lgan gapingiz bormi?

— Men ularga qo‘lga tushgan va jazo muddatini o‘tab bo‘lgan korrupsionerlarning taqdiri va ularning ahvoli qanday ekanligiga e’tibor berishlari, tahlil qilishlarini maslahat berardim. Agar ular belgilangan chegaradan o‘tishsa, ularni qanday taqdir kutayotganini tushunishlari kerak. Bu nafaqat uning o‘zi, balki butun oilasi va uning kelajak avlodi uchun jazo yoki dog‘ bo‘lib qoladi.

Hozir shu ishni qilayotganlardan, to‘xtashini iltimos qilaman, shunchaki atrofga nazar solishsin va bu qaltis yo‘ldan yurgan odamlar, quyi yoki yuqori lavozimda bo‘lishidan qat’iy nazar, hozir qanday ahvolda ekanligini va ularni nima kutayotganini bilib olishsin. O‘ylab olish uchun bu yetarli bo‘lishi kerak.

Bilaman, balki ular meni hech kim qo‘lga tushirmaydi deb o‘ylashayotgandir. Ammo bizning agentlik aybdorlar har bir huquqbuzarlik va barcha noqonuniy harakatlar uchun jazolanishini ta’minlash uchun qo‘lidan kelganicha harakat qiladi.

Davlat Umarov suhbatlashdi.