COVID-19 pandemiyasi ayollarning qashshoqlik darajasi hamda qashshoqlikda yashovchi ayollar va erkaklar o‘rtasidagi farqni keskin oshiradi, deyiladi «BMT-ayollar» va BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) hisobotida.

2019−2021 yillarda ayollar o‘rtasidagi qashshoqlik darajasi 2,7 foizga pasayishi kutilayotgan edi, ammo pandemiya va uning oqibatlari sababli bu ko‘rsatkich 9,1 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, 2021 yilga kelib o‘ta qashshoqlikda (kuniga ikki dollardan kam) yashaydigan 25 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan har 100 erkak uchun xuddi shunday sharoitda yashayotgan 118 ayol to‘g‘ri keladi. 2030 yilga kelib bu farq 100 erkakka 121 ayoldan oshadi.

«Biz bilamizki, ayollar oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha ko‘p vazifalarni o‘z zimmalariga olishadi, ular kam haq olishadi, kam tejaydilar, odatda barqaror ishga ega emaslar — umuman olganda, ayollarning ish bilan bandligining barqarorlik darajasi erkaklarnikiga nisbatan 19 foizga kamroqdir», — dedi «BMT-ayollar» tashkiloti rahbari Fumzile Mlambo-Ngkuka.

Bundan tashqari, ekspertlarning fikriga ko‘ra, pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan ba’zi joylarda, masalan, turizm, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat va boshqa joylarda asosan ayollar ish bilan band bo‘lgan. Shunga ko‘ra, ular ishsiz qolish va moddiy ta’minotni yo‘qotishda, ayniqsa, himoyasiz edi.

Hisobot ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, pandemiya 2021 yilga kelib 96 mln kishini o‘ta qashshoqlikka olib keladi, ulardan 47 mln nafari ayollar va qizlardir.

«Bu o‘ta qashshoqlikda yashovchi ayollar va qizlarning umumiy sonini 435 mln kishiga yetkazadi va bu ko‘rsatkich 2030 yilgacha pandemiyagacha bo‘lgan darajaga qaytmaydi», — deyiladi BMT Taraqqiyot Dasturi hisobotida.

«Agar hukumatlar ta’lim va oilani rejalashtirish, adolatli va teng ish haqi hamda ijtimoiy nafaqalarni ko‘paytirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyani amalga oshirganlarida, 100 mln dan ortiq ayol va qizlarni qashshoqlikdan qutqarish mumkin edi», — dedi BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Axim Shtayner.

Uning qo‘shimcha qilishicha, gender tengsizlikni kamaytirishga sarmoyalar kiritishi nafaqat oqilona va arzon, balki hukumat uchun pandemiya oqibatida yuzaga keladigan qashshoqlikni kamaytirish uchun zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan yo‘ldir.