Chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmat haqi ish qidirayotgan shaxsdan emas, ish beruvchidan undiriladi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

13 avgust kuni «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi Qonun qabul qilindi.

Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haqni ish qidirayotgan shaxslardan emas, balki ish beruvchilardan undirish belgilandi.

Qonunga ko‘ra, yuqoridagi xizmatlarni ko‘rsatuvchi xususiy bandlik agentliklari BHMning 8 500 baravari miqdoridagi mablag‘ni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida zaxira qilib qo‘yadi (amalda bu miqdor 50 ming AQSH dollarini tashkil qiladi).

Xususiy bandlik agentliklari ishga joylashtirish sohasida taqdim etadigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymati BHMning bir baravarigacha miqdorda (223 ming so‘m) belgilandi (amalda shartnoma asosida yoki bepul ko‘rsatiladi).

Shuningdek, qonunda xususiy bandlik agentliklarining chet ellik ish beruvchi, sheriklar bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzishi ham zaruriy shart qilib belgilandi.

Xususiy bandlik agentliklariga ular tomonidan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani «labor-migration» axborot tizimida real vaqt rejimida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyati yuklatildi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.