Toshkent shahridagi Shayxontohur, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Yakkasaroy, Olmazor, Uchtepa va Sergeli tuman tibbiyot birlashmalari (TTB)ga yangi rahbarlar tayinlandi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, Shayxontohur TTBga poytaxtdagi 24-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokor muovini Guli Xoliqova, Bektemir TTBga Mirobod tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasi mudiri Zebiniso Umarova, Mirzo Ulug‘bek TTBga «O‘zavtosanoat» AJga qarashli «CLINIC PRO» TDM bosh shifokori Muyassar Muhammedova, Yakkasaroy TTBga Toshkent shahar 3-sonli klinik shifoxonasi bosh shifokori Dilfuza Muxsimova, Olmazor TTBga Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Azizbek Nizomov, Uchtepa TTBga 32-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokori Nigoraxon Saidova, Sergeli TTBga esa 12-sonli oilaviy poliklinika bosh shifokori Tojiboy Yuldashov boshliq etib tayinlandi.

Yangi rahbarlarga o‘z hududlarida:

  • tibbiy profilaktika ishlari bilan jiddiy shug‘ullanish;
  • oilaviy poliklinikalar ish samaradorligini oshirish;
  • aholini koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish ko‘rsatkichini kamaytirish va jilovlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rish;
  • tashkil etilgan mobil brigadalar va «COVID-19»ga ixtisoslashgan poliklinikalar faoliyatini tubdan takomillashtirish;
  • kasallikda gumon qilingan fuqarolarni o‘z vaqtida ro‘yxatga olish va davolashni tashkil qilish;
  • kasallanganlar bilan birlamchi muloqotda bo‘lib, karantinga olingan shaxslarni va ularning oila a’zolarini muntazam tibbiy nazorat qilib borish;
  • «103» tez tibbiy xizmat bilan oilaviy poliklinikalar o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash kabi qator dolzarb vazifalar yuklatildi.