18 iyul kuni O‘zbekistonda 579 ta koronavirus holati aniqlanib, umumiy rasmiy ko‘rsatkich 16186 taga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Yangi holatlarning 138 tasi karantin muassasalarida, 441 tasi koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Shu bilan birga, bugun Toshkent shahrida 2 nafar, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 1 nafardan, jami 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etdi.

Тошкент shahri, Namangan, Andijon hamda Navoiy viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida 124 nafar bemor sog‘aydi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 16186 nafar bemordan 9127 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 56 foizni tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 6976 nafar bemordan 71 nafari og‘ir, 21 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatda uy karantinida 60 552 nafar, statsionar karantinda esa 22 871 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.