Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 10 iyuldan respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakati cheklanadi.

Bu masala bo‘yicha maxsus komissiya quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy etmoqda:

  • Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) to‘xtatiladi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno);
  • jamoat transporti harakati to‘xtatiladi;
  • avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan — 10.00 gacha, 17.00 dan — 20.00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi;
  • karantin davrida fuqarolarning mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishiga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlari — dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.

Bunda avtotransport vositalarining harakatlanishi davomida santariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish talab etiladi.

Shuningedek, viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari atrofidagi yo‘l patrul xizmati maskanlari, blokpostlar va to‘siq postlar faoliyati ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi kuchlarini hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakillarini jalb qilgan holda kuchaytiriladi.

Avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.

Qarorda ogohlantirilishicha, ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining huquqbuzarlik davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin talablarni buzgan shaxslarga ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishi hamda avtotransport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi nazarda tutiladi.

Viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (meva-sabzavot, poliz, ko‘kat mahsulotlari va b.q.) joylarga yetkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga tatbiq etilmaydi.