Sog‘liqni saqlash vazirligi Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida tibbiyot xodimlarining ayovsiz kaltaklangani bo‘yicha bosh prokurorga murojaat yo‘llangani xaqida xabar beradi.

Ma’lumotga ko‘ra, 4 iyun kuni soat 00:14da Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani “G‘alaba” mahallasida yashovchi fuqaro A.B. tomonidan “oyoqda jarohat” shikoyati bilan tez tibbiy yordam shaxobchasiga chaqiriq bo‘ladi. Tez tibbiy yordam shaxobchasi jamoasi “tez yordam” mashinasida 7 daqiqa ichida, ya’ni soat 00:21da chaqiriq bo‘yicha manzilga yetib kelgan.

Lekin tibbiyot xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun mashinadan tushganlarida, shu yerda bo‘lgan bir guruh mast holdagi kishilar tomonidan hech qanday sababsiz shifokor va feldsherga tashlanib, ularni ayovsiz kaltaklashgan.

Natijada, 28 yoshli shifokor J.O. “Bosh miya chayqalishi, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, o‘ng qovoq sohasi gematomasi, ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” tashxisi bilan, 44 yoshli feldsher V.N. esa “Bosh miya chayqalishi, yuz sohasi, chakka sohalari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, o‘ng qo‘l kaft suyagi asosidan yopiq sinish” tashxisi bilan Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez yordam bo‘limiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Bosh prokurorga murojaat yo‘lladi. Unda yuqorida qayd etilgan holatni nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar javobgarlikka tortilishini ta’minlashda amaliy yordam so‘ralgan.