Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sardoba suv omboridan suv chiqishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, 1 may kuni soat 05:55da Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba» suv ombori to‘g‘onining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgan. Buning oqibatida Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa aholi yashash punktiga suv kirgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur vaziyat bo‘yicha zudlik bilan Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda Qo‘rg‘ontepa aholisini «Birlik» mahallasiga vaqtincha evakuatsiya qilish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, suv bosishi xavfi mavjud bo‘lgan aholi punktlarini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Holat Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan to‘liq nazoratga olingan, deyiladi xabarda.