O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Farmonga mufofiq, mamlakat iqtisodiyotida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish va ustuvor tarmoqlardagi modernizatsiya dasturlarini ro‘yobga chiqarishda strategik sherik hisoblangan Jahon banki guruhi bilan O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali va samarali hamkorlikni shakllantirish va har tomonlama mustahkamlashga, bank-moliya, soliq-byudjet, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi tub o‘zgarishlar jarayoniga qo‘shayotgan Siril Myullerning shaxsiy hissasi ulkan bahoga sazovor deb topildi.

Shuningdek, yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish borasidagi amaliy ko‘magi, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlari hamda Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller O‘zbekiston Respublikasining «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.