Zangiota tumanida virus bilan kasallangan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan 10 ming o‘rinli maxsus shifoxona qurilishi davom etmoqda.

Metsenat Alisher Usmonov «O‘zbekiston Mehr-shafkat va salomatlik» jamg‘armasiga 20 million dollar miqdorida beg‘araz yordam ajratgan. Bu mablag‘ Sog‘liqni saqlash vazirligi Zangiota tumanida qurilayotgan shifoxonani eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash uchun taqdim etilgan.

10 ming o‘rinli ixtisoslashtirilgan shifoxonani bir oy ichida foydalanishga topshirish kutilmoqda. Reportajda ta’kidlanganidek, qurilish ishlari to‘liq byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

Kasalxona 68 gektar maydonni qamrab oladi, shundan 44 gektari qurilishlar, qolgan qismi obodonlashtirish uchun ajratilgan. Shifokorlar va operatsion bo‘limlar uchun alohida xonalar bo‘ladi va tug‘uruq majmuasini yaratish rejalashtirilgan.

Qurilish ishlariga ikki mingdan ortiq ishchilar va 600dan ortiq texnika vositalari jalb qilingan. Ular 2 smenada ishlashmoqda.

Qurilish ishlarining birinchi bosqichi 20 aprelgacha tugatilishi kutilmoqda.