Dunyo mamlakatlari koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida jamoat joylarida aholining o‘zaro yaqin masofada bo‘lishlarini oldini olish choralarini ko‘rishmoqda. Bu chora «ijtimoiy masofalanish» deb nomlangan. The New York Times nashri tomonidan ijtimoiy masofalanish virusga qarshi kurashda qanday yordam berishi va uning qoidalari haqida tibbiyot mutaxassilarining fikrini o‘rgandi. «Gazeta.uz» ushbu materialning asosiy qismlarini sizga havola qiladi.

Ijtimoiy masofalanish nima?

Oddiy qilib aytganda, bu odamlar orasidagi taktil aloqalarni cheklash, ular o‘rtasidagi masofani 2 metr atrofida saqlashdir. Bundan tashqari, jamoat transportlaridan foydalanmaslik, uydan turib ishlash, ommaviy tadbirlar va odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarga bormaslik — bularning barchasi ijtimoiy masofalanishga kiradi.


Foto: twitter.com/TownOfLadysmith.

«Qarindoshlar, do‘stlar, hamkasblar va boshqalar bilan aloqalarni cheklash virusning aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi», — deydi Jorjiya shtati universitetining aholi salomatligi kafedrasi mudiri, professor Jerardo Chouell (Gerardo Chowell).

Yosh bo‘lsa, boshqalar bilan aloqada bo‘lishda davom ettirishi mumkinmi?

Foto: twitter.com/MY_Airports.

Iloji boricha, yoshlar ham ijtimoiy masofalanishga rioya qilishlari kerak. Ushbu virus asosan yoshi kattalarga xavfli bo‘lishi mumkin, lekin yoshlar to‘laqonli bundan holi degani emas. Virusning kam alomatlarini ko‘rsatayotgan kishilar ham uni boshqalarga yuqtirishi mumkin. Hattoki infeksiyaning boshlanish davrida, ya’ni kishi o‘zining kasallagini anglashidan ham oldin boshqalarni zararlantirishi mumkin. Shuning uchun infeksiya tarqalishining davom etishiga sababchi bo‘lishning oldini olish, o‘zining katta yoshdagi yoki infeksiyani yuqtirish xatari katta bo‘lgan qarindoshlarini asrash maqsadida ijtimoiy masofalanish muhim. Bundan tashqari, infeksiya bilan zararlangan odamlar sonining ko‘payishi pandemiya tarqalishini oshiradi. Oqibatda sog‘liqni saqlash tizimiga bo‘lgan bosim yanada kuchayadi.

Mutaxassislar ayniqsa yoshlarning ijtimoiy masoflanishga rioya qilishlari qiyinligini tushunishadi, lekin uchrashuvlar va guruhdagi odamlar sonini kamaytirish ham vaziyatning yaxshilanishiga yordam berishi mumkin.

Uyni tark etishim mumkinmi?

Foto: twitter.com/MohitGo58079520.

Albatta. Mutaxassislar bu borasida yakdil. Toza havoga chiqib jismioniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish mumkin — velosiped haydash, sayr qilish va boshqalar. Asosiy maqsad uyda o‘tirish emas, balki boshqalar bilan yaqin aloqani cheklash.

Zarur narsalarni xarid qilish yoki dorixonaga borish uchun uydan chiqishingiz kerak bo‘lishi mumkin. Oddiy qoidalaga rioya qilib, o‘zingiz va boshqalarni virusdan asrashingiz mumkin.

Uyni tark etganingizda, tegishingiz mumkin bo‘lgan yuzalarni arting, qo‘llaringizni alkogolli sanitayzer bilan tozalang va yuzingizga qo‘lingizni tekkizmang. Eng asosiysi, qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuvib turing, ayniqsa ko‘chadan qaytganingizda, ovqatlanishdan oldin yoki yoshi kattalar va kichiklar bilan muloqot qilishdan oldin.

Supermarketga borsam bo‘ladimi?

Foto: twitter.com/SheldonMorais.

Ha. Lekin qatnovni kamaytirish uchun bir vaqtning o‘zida iloji boricha ko‘proq mahsulot xarid qilishga harakat qiling va kamroq odamlar bo‘ladigan vaqtda supermarketga boring.

Har qanday jihozning yuzasida virus bo‘lishi mumkinligini esdan chiqarmang. Savatchalarning dastasini ushlashdan oldin ularni dezinfeksiya qiladigan salfetkalar bilan arting.

Mutaxassislar qo‘lqop kiymaslikni maslahat berishgan, lekin ularni kiyganda ham yuzingizga qo‘lingizni tekkizmang.

Jon Xopkins universiteti epidemiologi, professor Keytlin Rivers (Caitlin Rivers) xarid vaqtida telefoningizga teginmaslikni maslahat bergan.

Restoranga borsam bo‘ladimi?

Ba’zi restoran va barlar bir necha haftaga yopilgan. Alabama universitetining yuqumli kasalliklar bo‘limi direktori professor Jinn Marratsso (Jeanne Marrazzo) faqat o‘zingiz ishonadigan restoranga borishni tavsiya qilgan.

Restoranga bormoqchi bo‘lsangiz, keng va gigena qoidalariga qat’iy rioya qiladigan tamaddixonalarga borish tavsiya etilgan. Ovqat yetkazib berish xizmatlaridan foydalanish ham ma’qul. Agar siz restoranning moliyaviy ahvoli haqida qayg‘urayotgan bo‘lsangiz, ularning ba’zilari keyinroq foydalanish mumkin bo‘lgan sovg‘a sertifikatlarini taklif etishmoqda.

Qarindoshlar va oila a’zolari ko‘rgani kelishi mumkinmi?

Bu oila a’zolari orasidagilarning yoshi va salomatligiga bog‘liq. Agar ular orasida salomatligi zaiflar bo‘lsa, unda muloqotni cheklash kerak. Lekin oila a’zolari yosh va sog‘lom bo‘lsa, kichik guruhlarda uchrashish mumkin. Ushbu vaqtda oila a’zolaringizni qo‘llab-quvvatlash va ularga bo‘lgan e’tiborni his qilishlari uchun telefon qilib yoki videomuloqot orqali ahvollaridan xabar oling.

Farzandlarimni bolalar maydonchalariga olib chiqishim mumkinmi?

Agar farzandingizning koronavirusga taalluqli bo‘lmagan kasalligi bo‘lsa ham, ularning uyda bo‘lgani ma’qul. Agar ular sog‘lom bo‘lsa, daladagi mashg‘ulotlar, masalan velosiped haydash bilan shug‘ullanishlari mumkin.

Bolalarning og‘izlari, burunlari va yuzlariga ko‘p teginishlarini hisobga olib, ular bolalar maydonchalariga o‘ynagani chiqishsa, o‘yin davomida tegishi mumkin bo‘lgan har qanday yuzalarni avval dezinfeksiya qiling.

Bolalarda koronavirusning og‘ir kechishi kuzatilgan yo‘q, lekin ular uyga qaytib o‘zlarining katta yoshdagi qarindoshlariga virus yuqtirishlari mumkin.

Bolalar qo‘llarini tez-tez sovunlab yuvib turishlari shart.

O‘zingizni yolg‘iz his qilmaslik uchun nima qilish kerak?

Oila a’zolari va yaqinlar bilan aloqada bo‘lish har qachongidan ham muhim bo‘lishi mumkin. Vashington universitining Ijtimoiy fanlar markazi direktori professor Jonatan Kenterning (Jonathan Kanter) aytishicha, odamlar stress holatida bir-birlarini qidirishadi. Uning fikricha, uzoq muddat yaqinlar bilan ko‘rishmaslik kishining ruhiy ahvoliga yomon ta’sir o‘tkazishi mumkin.

«Ijtimoiy masofalanish ijtimoiy izolyatsiya degani emas», — deydi professor. Texnologiyalar sababli odamlar ijtimoy tarmoqlar, messenjerlar va video orqali aloqada bo‘lishlari mumkin.

Jonatan Kenter yaqinlaringiz bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotda bo‘lib turishni tavsiya qilgan: o‘rtoqlaringiz bilan video-qo‘ng‘iroq orqali tushlik qiling, televizion dasturlarni bir vaqtda ko‘rishni rejalashtiring, masofaviy darslarni birga o‘ting.

Salomatligi yaxshi bo‘lmagan va katta xavf sababli izolyatsiya qilingan kishilarning ahvolidan xabar olishni unutmang.