Sog‘liqni saqlash vazirligi 4 fevral kuni Xitoyning Pekin shahridan olib kelingan 250 nafar fuqaroning ayni paytdagi yashash sharoitlari haqida ma’lumot berdi. Vazirlik xabarida aniqlanishicha, ular Toshkent viloyatidagi «Bo‘ston» sanatoriysida saqlanmoqda.

Qayd etilishicha, fuqarolarning karantinga olinishiga tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tgan sohaning yetakchi va tajribali mutaxassislari jalb etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

«Xitoydagi nufuzli universitetda o‘qiyman. Koronavirus epidemiyasi tufayli, ochig‘i, boshida judayam xavotirlandim. Shunday qiyin paytda Prezidentimiz tashabbusi bilan charter reysi tashkil etilganligini eshitib, rosti, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi», — deya navoiylik Mehriddin Zoirov so‘zlari keltirilgan vazirlik xabarida.

Zoirovning aytishicha, sanatoriyda barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan, o‘rin-joylar, oziq-ovqatlar, zarur dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan ta’minlangan. Kelgan fuqarolarning kiyimlarini sifatli yuvish uchun kirxona, tibbiy anjomlarni sterilizatsiyadan o‘tkazish uchun alohida punkt va avtotransportlar uchun dezinfeksiya maydoni va dezinfeksion vositalar zaxirasi yaratilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Bundan avval, Troll.uz loyihasida karantinda saqlanuvchi fuqarolar antisanitar sharoitlarda ushlab turilgani, yaqinlari bilan muloqot qilish imkoniyat cheklangani haqida imzosiz maktub e’lon qilingandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ilova qilingan suratlarda telefon orqali muloqot qilish uchun yetarli sharoit yaratilgani ko‘rsatilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.