2019-yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston bo‘yicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarda ishlovchilarning o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2,32 mln so‘mni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 27,5 foizga oshdi. Bu haqda Dalat statistika qo‘mitasi hisobotida so‘z boradi.

Ma’lumot uchun: O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek, uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud.

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichidan sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish faoliyati — 34 foizga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar — 24,6 foizga, ta’lim sohasi — 20,8 foizga sezilarli darajada past bo‘ldi. Shu bilan birga, bank, sug‘urta, lizing va kredit-vositachilik faoliyati — 106,4 foizga, axborot va aloqa sohasi — 70,9 foizga respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqoriligi kuzatildi.

Iqtisodiy faoliyatning barcha turlarida 2018-yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining o‘sishi kuzatildi. Ayniqsa, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar — 40,1 foizga, bank, sug‘urta, lizing va kredit-vositachilik faoliyatida — 37,2 foizga, ta’lim sohasida — 33,3 foizga sezilarli o‘sish kuzatildi. Xususan, ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1,8 mln so‘mni tashkil etib, 2018-yilning mos davriga nisbatan 33,3 foizga oshgan.

O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi hududlar bo‘yicha hisoblansa, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida (3,37 mln so‘m (respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 45,4 foiz), Navoiyda — 2,96 mln so‘m (27,4 foiz) va Toshkent viloyatida — 2,55 mln so‘mni (9,9 foiz) tashkil etdi.

Eng kam o‘rtacha oylik ish haqi esa Samarqand (1,9 mln so‘m), Farg‘ona (1,89 mln so‘m), Namangan (1,87 mln so‘m) va Surxondaryo (1,87 mln so‘m) viloyatlarida qayd etildi.