Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da Magic City oilaviy ko‘ngilochar bog‘ining qurilishi davom etmoqda. Loyiha taqdimoti chorshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «Gazeta.uz» muxbiri ishtirok etdi.

Umumiy maydoni 21 gektarni tashkil etuvchi bog‘ni rekonstruksiya qilish jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi. Qurilishning birinchi bosqichi 7 gektar maydonni o‘z ichiga oladi. 27 ta inshoot foydalanishga topshiriladi. Bog‘da kafe, restoran va do‘konlar ochiladi.

Ko‘l va daraxtlar saqlab qolinadi. Bundan tashqari, har xil turdagi yangi daraxtlar — kashtan, qarag‘ay, yapon soforasi, magnoliya, eman, qayin va boshqalar ekiladi.

Bog‘da maydoni 4300 kvadrat metrdan ortiq sig‘imi esa 1300 kub metrni tashkil etuvchi okeanarium barpo etiladi. Uning qurilishi Avstraliyaning Polin Group kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Kompaniya direktori Bashar Pakishining so‘zlariga ko‘ra, okeanariumda uzunligi 20 m dan ortiq tunnelli akvarium bo‘ladi va bu yerga 3000 baliq joylashtiriladi. Akvarium kuniga 1500 ga yaqin tashrif buyuruvchini qabul qilishi kutilmoqda. Dayvingga (suv tubiga sho‘ng‘ish) ham ruxsat beriladi.

Sentyabr oyida mehmonlar uchun 7000 kv maydonda 18 ta zamonaviy attraksionga ega oilaviy ko‘ngilochar markaz ishga tushiriladi.

Bu yerda Markaziy Osiyoda birinchi lazerli kinoteatr ochiladi. Bino Misr piramidalari shaklida quriladi. Kinoteatrning maydoni 2900 kvadrat metrni tashkil qiladi. Unda jami 450 kishini sig‘diruvchi 6 ta zal joylashtiriladi.

Magic City brendingi bilan shug‘ullanayotgan TutkovBudkov kompaniyasi bog‘ ochilishiga kitob nashr qilib, robot Fanikl va uning do‘stlari to‘g‘risidagi animatsion filmni tasvirga oldi. Ularning qag‘ramonlari yangi bog‘ brendi bo‘ladi, dedi kompaniya kreativ direktori Oleg Barinboym. Ular sehrli tanga bilan dunyoni kezib, turli mamlakatlarning diqqatga sazovor joylari bilan tanishadilar.

«Hindistondagi Toj-Mahal, Parijdagi Eyfel minorasi, Nyu-Yorkdagi Ozodlik haykali, Londondagi Big Ben — bularning barchasi Magic City bog‘ida bo‘ladi», — dedi Oleg Barinboym.

Magic City`da yig‘ilgan diqqatga sazovor joylar ro‘yxati 650 kishiga mo‘ljallangan Rim Kolizeyi shaklidagi amfiteatr va Samarqanddagi Registon maydoni nusxasi bilan to‘ldiriladi.

Bog‘ markazida Bavariya Neyshvanshteyn qal’asining balandligi 57 m bo‘lgan nusxasi quriladi, bundan tashqari, bu yerda 8500 kvadrat metr maydonga ega mintaqadagi eng katta musiqali favvora ishlaydi.

Ikkinchi bosqichda 12 gektar maydonga Italiya va Germaniyadan 38 ta zamonaviy attraksion keltirib o‘rnatiladi. Ular orasida mintaqadagi eng baland tomosha charxpalagi bo‘lib, uning balandligi 84 metrni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 2 gektar maydonda yirik akvapark qurish rejalashtirilgan.

Milliy bog‘ni qayta qurish to‘g‘risida qaror 2017 yil sentyabr oyida qabul qilingan edi.

Bog‘ qurilishi haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlarni tez orada «Gazeta.uz» saytida o‘qishingiz mumkin bo‘ladi.