Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov nevaralari bilan begona daladan dumbul tergan haqoratlab, o‘g‘irlikda ayblayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Tuman ma’muriyati rahbari ushbu jarayonni o‘zi videoga olgan.

«Nevaralaringni ham o‘g‘irlikka o‘rgatyapsanmi? Nima „xay“? Nima „hokim-buva“? Nima „hokim-buva“? Nimaga o‘g‘irlayapsan? Uyalmaysanmi, og‘ayni? Bechora bir tadbirkor ekdi, eksportini qiladi. Tumanning eksporti shuning bo‘ynida yotibdi. Sen olib ketsang to‘rtta, u olib ketsa to‘rtta. Men ***** qo‘yamanmi eksportga? Nima „nevaralar“? E padaringga la’nat! Ol buni! E uyatsiz! Vijdoning chirisin seni. Ochko‘z. Padaringga la’nat. Ochingdan o‘l undan ko‘ra. ***** sotib ol!», — deydi hokim.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi mazkur holat yuzasidan tekshiruv boshladi. Chorshanba kuni kechqurun hokim videomurojaat e’lon qildi. Unda hokim avvaliga «tumanimizning eksport salohiyati haqida men qayg‘urmasam, kim qayg‘uradi? Hokim sifatida men buni ham o‘ylashim kerak, tadbirkorni ham o‘ylashim kerak», deb, so‘ngra kechirim so‘raydi.

«To‘g‘ri, inson sifatida, jahl ustida fuqaroga nisbatan haqorat so‘zini ishlatib qo‘ydim. Hokim sifatida, rahbar sifatida bu so‘zni ishlatmasligim kerak edi. Shuning uchun xalqimizdan qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib uzrimni so‘rayman. Bu xato-kamchiligimni boshqa qaytarmayman, deb va’da beraman», — deydi u.