Samarqand viloyatiga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, uni rekonstruksiya qilishga oid takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning ko‘rsatmasiga muvofiq Imom Buxoriy majmuasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish ko‘zda tutilgan. Simmetrik tarzda ikkita masjid va to‘rtta minora qurish, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon, uning atrofida kichik mehmonxonalar va bitta yirik otel, boshqa infratuzilma ob’ektlarini bunyod etish rejalashtirilgan.

— Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib bo‘lishi kerak. Masjidlar keng va mahobatli bo‘lishi lozim. Devorlarga sahih hadislardan lavhlar yozib qo‘yilsa, majmuaning mazmuni yanada boyiydi, yoshlarga bilim, ma’naviy ozuqa beradi. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsayam, qulay sharoit bo‘lishi zarur, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev majmua rekonstruksiyasini shoshmasdan, chuqur o‘ylab loyihalashtirish, xorij tajribasini o‘rganib, ziyoratchilarga yanada ko‘p qulaylik yaratish zarurligini ta’kidladi.