Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekistonda investitsion faoliyatni yaxshilash bo‘yicha ishlardagi jiddiy kamchiliklar va muammolar to‘g‘risida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Investorlarga palov bilan mehmon qilish emas, aniq, tushunarli qonun va imkoniyatlar kerak, dedi Sodiq Safoyev juma kuni parlament yuqori palatasining 21-yalpi majlisida.

«Hurmatli senatorlar, hokimlar va ishtirokchilar, investorlarga birinchi navbatda qonuniy kafolat kerak. Ularga palov bilan mehmon qilishingiz va sovg‘a ko‘rinishidagi libos muhim emas, bular ularga kerak emas. Ular uchun aniq qonun va imkoniyatlar kerak», — dedi senator.

Uning so‘zlariga ko‘ra, chet ellik investorlar va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda qonunosti hujjatlarining bir-biriga qarama-qarshi ekani, biznes faoliyatini olib borishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini kabi muammolar ko‘tarilmoqda.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari nima uchun qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi to‘laqonli ishlamayotgani haqida so‘radi.

«Menda Vazirlar Mahkamasiga savol bor: nima uchun bizda QHTBT deb nom olgan Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi haligacha to‘laqonli ishlamayapti? Barcha davlatlar, jumladan qo‘shnilarimizda zamonaviy majburiy baholash tizimi ishlamoqda, lekin biz haligacha uning faoliyatini to‘laqonli ishga tushira olmadik. Bu qonunchilik va qonunlarni amalga tatbiq etishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, deb hisoblayman», — dedi u.

Prezidentning investitsion faoliyatni tartibga solish bo‘yicha qonunlarni takomillashtirish to‘g‘risidagi qator topshiriqlari, jumladan investitsiyalar va investitsion faoliyat to‘g‘risidagi qonun loyihasi bajarilgani yo‘q. Ko‘plab konsepsiyalar muddatlari ham o‘tib ketdi, dedi senator.

Sodiq Safoyev tadbirkorlar va investorlar mavjud muammolar qatorida qabul qilingan qonunlarning bajarilmasligini sanab o‘tganini ma’lum qildi.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari mahalliy tadbirkorlar to‘g‘risida ham unutmaslik kerakligini ta’kidladi. «Investitsiyalar haqida gapirganimizda, biz faqatgina chet ellik investoorlar haqida o‘ylamasligimiz kerak. Butun dunyoda asosiy investitsiya — bu ichki investsiya: aholi mablag‘lari, tadbirkorlarning erkin mablag‘laridir. Shu sababdan kapital bozorini qayta jonlantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda», — dedi senator.

U qurilishga ruxsat olish, yer uchastkalarini ajratish jarayonlarining shaffof emasligi va murakkabligini qayd etdi. «Joylarda „Yagona darcha“ tizimi ishlayotgani yo‘q. Biz buni tan olishimiz va choralar ko‘rishimiz kerak».

Senat raisining birinchi o‘rinbosari muayyan hudud uchun yuqori ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega loyihalarni moliyalashtirish masalasida mahalliy hokimiyat organlari vakolatlarini kengaytirishni taklif qildi.

«Soliq islohotlari natijasida viloyatlarning mahalliy byudjetlarida katta miqdorda mablag‘lar qolmoqda. Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha 2,5 trln so‘m qoldi, bu [o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan] qariyb 1,5 barobar ko‘p demakdir. Agarda hududiy jamg‘armalarni tashkil etsak va loyihalar moliyalashtirilsa, o‘shanda investorlar keladi. Bu xalqaro tajriba… [byudjetni] markazsizlantirish uslublaridan biri», — deya ta’kidladi Sodiq Safoyev.