O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi «Sizdan Telegram» Telegram-kanalida e’lon qilingan Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida maktab o‘quvchilarining yo‘l va ariqlarni tozalashga majburlangani to‘g‘risidagi xabarga munosabat bildirdi.

Vazirlik matbuot xizmatining xabar qilishicha, Qashqadaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan rolikda ko‘rsatilgan holat joyiga chiqqan holda tekshirildi.

Tekshirish yakunlari bo‘yicha maktab o‘quvchilarini obodonlashtirish ishlariga jalb qilgani uchun 75-sonli maktab direktori Musulmanov Baxriddin Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 2-qismi (voyaga yetmaganlarga nisbatan mehnatga majburiy tarzda majburlov) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan EKIH 5 baravari miqdorida jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, inspeksiya tomonidan Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasiga qonun buzilishini bartaraf etish va kelgusida shu kabi kamchiliklarga yo‘l quymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritildi.