Aprelda «Gazeta.uz» «O‘zbekneftgaz"ning alohida kompaniyalarning muqobil yoqilg‘iga o‘tishi to‘g‘risidagi taklifiga qarshi chiqqan issiqxona xo‘jaliklari rahbarlarining fikrlari bilan o‘rtoqlashgan edi. Kompaniya pishiq g‘isht, ohak, sement ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek issiqxona xo‘jaliklariga yoqilg‘i yetkazib berishni to‘xtatish hisobiga gaz iste’moli ulushini qisqartirish maqsadida. Tadbirkorlar bunday taklifning salbiy oqibatlari to‘g‘risida fikr yuritdi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati maqolaga o‘z munosabatini bildirdi. Vazirlik munosabatda mutaxassis fikrini keltirib o‘tgan (ism-sharifi va mansabi keltirilmagan).

Energetika vazirligi javobi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 2013 yil 1 martdagi Farmoni, hamda 2015 yil 5 maydagi «2015−2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida"gi va 2017 yil 26 maydagi «2017−2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarorlarida Respublikamizda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish, energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar haqida to‘liq bayon etilgan.

Jumladan, 2017−2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishdan asosiy maqsad, milliy iqtisodiyotning energiya sig‘imi yuqoriligini kamaytirish, qayta tiklanuvchi manbalarni sanoat ishlab chiqarishiga jalb etish hisobiga yoqilg‘i-energetika balansini diversifikatsiyalash darajasini jahon tendensiyasiga javob berishini ta’minlash, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda birlamchi yoqilg‘i sifatida asosan tabiiy gaz va boshqa an’anaviy uglevodorod yoqilg‘i turlaridan foydalanish o‘rniga, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (quyosh, shamol va biogaz energiyasi, kichik tabiiy va sun’iy suv oqimlarining gidroenergiyasi) mavjud yuqori imkoniyatlaridan foydalanishni joriy etishdir.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan chora tadbirlar Dasturiga muvofiq 2017−2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Respublikamizda bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Buni tadbirkorlik sub’ektlari ham (g‘isht, oxak, sement ishlab chiqaruvchilar, va issiqxona xo‘jaliklari) juda yaxshi biladi va guvohi bo‘lmoqda.

Bugungi kunda respublikamizdagi pishgan g‘isht ishlab chiqarish korxonalarini 33% (185 tasi), issiqxona xo‘jaliklarining 27% (118 tasi) to‘liq muqobil yoqilg‘i turidan (ko‘mirdan) foydalanishga o‘tgan.

Iqtisodiyot tarmoqlarida tabiiy gazning qozon va o‘choq yoqilg‘i turi sifatida foydalanishdagi ulushini qisqartirishdan maqsad gazni tejash bilan birga, nisbatan arzon yoqilg‘idan foydalanish hisobiga tadbirkorlarni qo‘shimcha daromad olishlari uchun sharoit yaratishdan ham iboratligini tadbirkorlarga aytib o‘tmoqchimiz.

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari Ahror Asqarov «Gazeta.uz» muxbiriga hukumat o‘tmishda qabul qilgan qarori bilan tadbirkorlarga qanchalik ulkan zarar keltirgani haqida so‘zlab bergan so‘zlarida «O‘shanda qaror qabul qilishdi, lekin tayyorgarlik ishlarini olib borishmadi» degan gaplariga qo‘yidagicha javob beramiz:

Huqumat tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslarini, jumladan, tabiiy gazni iqtisod qilish bo‘yicha 2009 yildan buyon bosqichma-bosqich amaliy ishlar qilib kelinmoqda. Birgina misol qilib aytadigan bo‘lsak, 2009−2012 yillarda pishgan g‘isht ishlab chiqarish korxonalaridagi g‘isht xumdonlarini energiya samarador aylana va tunelsimon pechlarga almashtirilgan. O‘sha davrda ishbilarmon tadbirkorlar ixtiyoriy ravishda ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan texnologiya asosida pechlarni qo‘rdirib, bugungi kunga qadar ishlab kelmoqdalar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3012-sonli qarori ham 2017 yilda qabul qilingan, demak muqobil yoqilg‘iga o‘tish ishlari boshlanganiga ikki yil bo‘lganligini eslatib qo‘ymoqchimiz.

Shuningdek, tadbirkorimizni boshqa mamlakatlarda bu g‘oya qanday amalga oshirilishi mumkinligi haqidagi fikri bo‘yicha quyidagilar javob bo‘ladi:

Tabiiy gaz — uglevodorodlarning aralashuvidan tashkil topgan energiya resursi bo‘lib, bu tayyor xom-ashyo hisoblanadi. Bugungi kunda barcha rivojlangan mamlakatlarda tabiiy gazdan hom-ashyo sifatida foydalanishga o‘tilgan. O‘zbekistonda esa bugungi kunda tadbirkorlik su’bektlariga tabiiy gazdan yoqilg‘i sifatida foydalanib mahsulot chiqarishlariga ortiqcha to‘sqinchilik qilinayotgan yo‘q, muqobil turdagi yoqilg‘idan foydalanishga o‘tkazish ishlari uzoq yillarga mo‘ljallangan dasturlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

Bizning taklifimizga qarshi chiqqan o‘z ismini oshkor qilishni istamagan Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi issiqxona xo‘jaligi rahbariga ham shularni yetkazishni o‘zimizga burch deb bildik.

Yuqorida qayd etib o‘tilganidek ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazishdan asosiy maqsad, tabiiy gazni tejash bilan bir qatorda tadbirkorlarga arzon yoqilg‘i hisoblangan ko‘mirdan foydalangan holda qo‘shimcha daromad olishlari uchun sharoit yaratish, bu borada Respublikamizda tabiiy gaz va ko‘mir yoqilg‘isidan foydalangan holda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan issiqxona xo‘jaliklari rahbarlari bilan joyiga chiqgan holda suxbat o‘tkazildi va tahlil ishlari olib borildi.

Misol uchun, geografik jihatidan bir hil sharoitda, bir hil maydonda va bir hil mahsulot (pomidor) yetishtiruvchi Toshkent viloyatida faoliyat olib boruvchi «Turan tomatoes» (ko‘mirda), «Farovon Hayot Kaliti» (ko‘mirda) va «Paranda sanoat baraka» MCHJlarga (tabiiy gazda) mahsulot yetishtirish uchun sarf etilgan harajatlarni va unda yoqilg‘i-energetika resursini ulushi hisobga olgan holda taqqoslash asosida o‘rtacha hisobda 1 gektarlik maydonga nisbatan taxlil etilganida qo‘yidagilar ma’lum bo‘ldi:

Issiqxona ho‘jaliklarida mavsum davomida pomidor mahsulotini yetishtirish uchun umumiy sarf harajatlar kalkulyatsiyasida tabiiy gaz va ko‘mir yoqilg‘isini ulushini hisobga olgan holda tahlil etilganida, ko‘mir yoqilg‘isida mahsulot yetishtirish tabiiy gazga nisbatan 36% arzon tushishi yoki 90 mln so‘m qo‘shimcha daromad keltirish mumkinligi, jumladan:

  • ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanuvchi issiqxonada mahsulot yetishtirish uchun mavsum davomida o‘rtacha 489 mln so‘m harajat qilgan holda 1 mlrd 320 mln so‘m daromad olinishi yoki sof foyda 832 mln so‘mni, shundan ko‘mir yoqilg‘isiga ketgan harajat o‘rtacha 160 mln so‘mni (Qozog‘iston ko‘miri 1 tn — 800 so‘m hisoblasak) yoki umumiy harajatni 33% ni tashkil etishi mumkinligi;
  • tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxonada mahsulot yetishtirish uchun mavsum davomida o‘rtacha 579 mln so‘m harajat qilgan holda 1 mlrd 320 mln so‘m daromad olinishi yoki sof foyda 741 mln so‘mni, shundan tabiiy gazga ketgan harajat 250 mln so‘mni (1 m3 = 1000 so‘m) yoki umumiy harajatning 43%ni tashkil etishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Tabiiy gaz bu qimmatbaho hom-ashyo, uni ёқилғи sifatida foydalangandan ko‘ra hom-ashyo sifatida foydalanilsa iqtisodiyotimizga ko‘proq foyda keltirgan bo‘lardi.

Shu o‘rinda, ko‘p yillik tajribadan kelib chiqgan holda qo‘yidagi faktorlarga e’tibor qilishlaringizni so‘raymiz, issiqhonalarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji qish mavsumida hususan tashqi havo-harorati o‘ta sovib ketgan davrda ortadi, lekin shu davrda Xukumatimiz tomonidan birinchi navbatda ijtimoiy-soha muassasalari va aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan barcha ulgurji iste’molchilar, jumladan issiqxonalar ham gaz tarmog‘idan uzib qo‘yiladi (bu haqda amaldagi gazdan foydalanish qoidalari to‘g‘risidagi qaror va gazta’minot filiali bilan tuzilgan o‘zaro shartnomada ham qayd etilgan). To‘g‘ri bu yilgi kuz-qish mavsumida issiqxonalarni tabiiy gazdan cheklash bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilmadi, chunki tashqi xavo-harorati o‘ta sovib ketmadi, lekin deqhonchilikda tavakalchilik yaramaydi, aql bilan ish tutgan xolda ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilsa bunday cheklash bo‘lmaydi va ko‘zlangan maqsadga xotirjamlik bilan erishiladi.

Misol uchun,

  • Kimyosanoati korxonalarida 1000 m3 tabiiy gazdan hom-ashyo sifatida foydalanilib o‘rtacha qiymati 3,1 mln so‘mlik 1 048 kg ammiak yoki 3,4 mln so‘mlik 2 100 kg ammiakli-selitra ishlab chiqarish mumkin;
  • Gazni qayta ishlash zavodlarida 1000 m3 tabiiy gazdan hom-ashyo sifatida foydalanilib 32 kg granula (yarim tayyor mahsulot) ishlab chiqariladi va ushbu granuladan 27 xil har-xil turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarib, granulani ishlab chiqarishga sarf etilgan tabiiy gaz qiymatining 2−3 barobar miqdorida foyda olish mumkin.

Biz ham tadbirkorlarni o‘ylab, hali vaqt borligidan foydalanib, ularning butun texnologiyasini emas, balki faqat isitish qozonlarini almashtirishini xoxlayapmiz.

Bugungi kunda ko‘mir yoqilg‘isida ishlovchi har-hil quvvatdagi, yer maydonini isitish imkoniyatiga ega bo‘lgan isitish qozonlari o‘zimizda — Toshkentda ham ishlab chiqarilmoqda, narxi ham qimmat emas 100 mln so‘m atrofida, iqtisodiy samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori, chunki ushbu qozonlarning suv sig‘imi import asosida sotib olinayotgan suv qozonlarining sig‘imiga nisbatan ancha kamligi hisobiga yoqilg‘ini nisbatan kam ishlatilishi bilan ham ajralib turadi.

Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan suxbat jarayonida yana shuni guvohi bo‘ldikki, ko‘mirda ishlaydigan qozonlarni boshqarish bir muncha mas’uliyatni talab etishi, ya’ni ko‘mir yoqilg‘isini olib kelish, uni yoqish va boshqa qo‘shimcha ishlar bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolarini aytishib, qimmat bo‘lsa ham tabiiy gazdan foydalanishni afzal ko‘rmoqdalar. Lekin issiqhonalarda ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish orqali bozorlarimizda haridorlar uchun arzonroq pamidor, bodring va boshqa issiqxona maxsulotlarini yetkazilishiga zamindir, chunki issiqhonalarda yoqilg‘iga ketgan mablag‘ umumiy harajatni 30−40 foizini tashkil etayotganligi buni isbotidir.

To‘g‘ri tabiiy gaz quvurlar orqali tadbirkorni qozonxonasigacha yetib keladi, lekin ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanayotgan tadbirkorlar bilan joylarda o‘tkazilgan seminar-yig‘ilishlarda bevosita muloqot jarayonida, haqiqatdan ham ko‘mir yoqilg‘isi tabiiy gazga nisbatan sezilarli darajada arzon tushayotganligini va mavsum davomida qo‘shimcha daromad olishayotganliklarini aniq raqamlar bilan bayon qilishib, barcha muammolarni yechimi borligi faqat ko‘p narsa insonning o‘zining hoxish-istagiga bog‘liq ekanligini aytib o‘tishdi.

Demak ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanishni hoxlamayotgan tadbirkorlar ham shunday tadbirkorlardan o‘rnak olishlari, yoqilg‘idan foydalanishga bo‘lgan munosabatlarini keskin o‘zgartirishlari, qaysi sohada bo‘lishmasin, milliy boyligimiz bo‘lgan tabiiy gazni tejash maqsadida Davlatimiz tomonidan uzoqni o‘ylab va farzandlarimiz kelajagini o‘ylab amalga oshirilayotgan topshiriqlarni amalga oshirishda o‘zlarini munosib hissalarini qo‘shishlarini so‘raymiz.

Tadbirkorlar tomonidan ko‘mir masalasi bo‘yicha bildirgan fikrlarini inobatga olib, Davlat tomonidan ko‘mir yetkazib berish, markazlashgan omborxonalar tashkil etish va uning narxini barqarorlashtirish bo‘yicha bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xulosa o‘rnida, har qanday texnologiyalarda muqobil yoqilg‘idan foydalanish imkoniyati yaratilgan bo‘lishi zarur, faqat tabiiy gazga bog‘liq holda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan shaxs adashadi. Shuning uchun hurmatli tadbirkorlar biz ham farzandlarimizga o‘zimizdan obod va ozod vatan qoldiraylik.

Ushbu ishlarni amalga oshirishda Energetika vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida amaliy yordam berishga hamda har qanday savollarga javob berishga tayyorligini ma’lum qilamiz.