Aprelda tovar va xizmatlarning iste’mol narxlari o‘rtacha 0,9 foizga o‘sdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi.

Bir oy ichida tovarlar narxi 1 foizga o‘sdi. Jumladan, oziq-ovqat tovarlari o‘rtacha 1 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari — 1,1 foizga qimmatlashdi. Xizmatlar esa 0,6 foizga qimmatladi. Solishtirish uchun: 2018 yil aprelida oziq-ovqatlar narxi 0,3 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari — 0,4 foiz, xizmatlar — 2,7 foizga oshgan edi.

Yanvar-aprel oylarida oziq-ovqat tovarlari 7,4 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari — 3,9 foiz, xizmatlar — 3,1 foizga qimmatlashdi. Yillik hajmda esa (2019 yil aprelida 2018 yil apreliga nisbatan) oziq-ovqat tovarlari 16 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari — 11,1 foiz, xizmatlar — 13,3 foizga qimmatlashdi.

Oziq-ovqat tovarlari guruhida ikkinchi oyki meva-sabzavot va sut mahsulotlari narxi o‘sishda yetakchilik qilmoqda (mos ravishda bir oyda 2,4 va 1,1 foiz). Tuxum narxi esa uchinchi oydirki tushmoqda (fevralda — 0,2 foiz, martda — 1,2 foiz, aprelda — 3,1 foiz).

Yanvar-aprel oylarida eng ko‘p meva-sabzavot (20,5%), sut mahsulotlari (9,3%) va umumiy ovqatlanish (8,8%) narxlari ko‘tarildi.

2018 yil oxiriga nisbatan mevalar 27,8 foiz, sabzavotlar — 16,2 foiz, kartoshka — 7,9 foizga o‘sdi.

Bir oyida narxi sezilarli darajada o‘sgan meva-sabzavotlar ichida karam (20,1%), piyoz (17,3%), uzum (15,7%), oshqovoq (15,5%), sabzi (8,5%) va kartoshkani (6,6%) keltirish mumkin. Bodring esa 46,6 foizga arzonlashdi.

Guruch narxi 1,4 foiz, sut — 1 foizga oshgan bo‘lsa, tovuq go‘shti (tovuq oyoqlaridan tashqari) 1,8 foizga, tuxum esa 3,1 foizga arzonladi.

O‘tgan yilning apreli bilan taqqoslanganda, guruch narxi 63,3 foizga, sut — 21,7 foizga, mol go‘shti 20,9 foizga va qo‘y go‘shti 18,9 foizga o‘sdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlari ichida tamaki (5%), shaxsiy gigiyena, mato va ip-kalava (2,1%) oy davomida eng ko‘p oshgan bo‘lsa, avtomobillar uchun yoqilg‘ilar narxi propanning 2,2 foizga arzonlashishi hisobiga 0,2 foizga tushdi.

Aprelda avtomobillar uchun ehtiyot qismlar (2%), mebel, gilam va gilam mahsulotlari (1,8%), oshxona jihozlari va buyumlari (1,5%), asosiy maishiy tovarlar va elktr uskunalar (1,4%), aloqa vositalari (1,2%), yuvish va tozalash vositalari (0,9%) narxlarining o‘sishi qayd etildi.

Aholiga pulli xizmatlar tariflarining oshirilishi aprelda 0,6 foizni tashkil etdi. Yil boshidan buyon ushbu sohada narxlar o‘rtacha 3,1 foizga o‘sdi. O‘tgan yilning aprel oyi bilan taqqoslanganda esa tariflar 13,3 foizga qimmatlashdi.

Maishiy xizmatlar (1,9%), dam olish, turar joy-komunal xo‘jaliklari, tibbiyot (0,5%dan) va yo‘lovchi transporti (0,2%) sohalarida narxlar ko‘tarildi.

Maishiy xizmatlar sohasida aprelda avtoturargohlar (5,6%), kiyim-kechaklarni ta’mirlash (3,7%) va ijara (3,3%) narxining o‘sishi yaqqol ko‘zga tashlandi.

2018 yil aprelidan joriy yil apreliga qadar eng ko‘p ta’lim (23,1%), sport (16,4%) va turar joy-kommunal (15,3%) xizmatlar narxlari o‘sdi.