1 apreldan O‘zbekistonda mahalliy GSM-operatorlar tarmoqlarida foydalaniladigan mobil qurilmalarniavtomatik hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi joriy etiladi, deya xabar qildi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.

Qurilmani avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun haq olinmaydi. Mahalliy GSM-operatorlar tarmog‘ida o‘zining mobil qurilmasidan foydalanayotgan abonentlardan ularga tegishli qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hech qanday harakatlar talab etilmaydi — ro‘yxatga olish harakatlari tizim operatori va aloqa operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.

Hisobga olish va qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi quyidagilardan foydalanishni cheklashga imkon beradi:

  • kontrafakt qurilmalarni — ya’ni IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga muvofiq kelmaydigan qurilmani;
  • o‘g‘irlanganlik yoki yo‘qotganlik sababidan «qora ro‘yxat"ga kirib qolgan qurilmani;
  • bojxona nazoratidan o‘tmagan qurilmalarni.
  • Telefon sotib olishdan avval qurilma IMEI-kodi maqomini to‘g‘riligini — uzimei.uz tizimining rasmiy saytida tekshirib olish tavsiya etiladi.

Hisobga olish va ro‘yhatdan o‘tkazish tizimi, shuningdek, GSMA assotsiatsiyasi bilan axborot almashinuvini o‘rnatishga, qolaversa, o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan abonent qurilmalari ro‘yxati almashinuvini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Hozirgi paytda GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan. Belmgiya, Chili, Kosta-Rika, Kipr, Daniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Gana, Vengriya, Irlandiya, Italiya, Malta, Norvegiya, Portugaliya, JAR, Shvetsiya, Buyuk Britaniya, Venesuela shular jumlasidandir. GSMA bilan axborot almashinuvi boshqa mamlakatlar hududida o‘g‘irlangan yoki yo‘qolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi. Ayni paytda, O‘zbekiston hududida va aksincha GSMAga a’zo kompaniyalar tarmoqlarida O‘zbekistonning «qora ro‘yhati"ga kiritilgan qurilmalarni ishlatishning imkoni bo‘lmaydi.

Mobil terminallarni hisobga olish nazorati tizimi quyidagilarga imkon beradi:

  • abonent qurilmalaridan foydalanish yoki o‘g‘irlangan qurilmalar bilan bog‘liq jinoyatlarni oldini olish va aniqlash;
  • O‘zbekistonga noqonuniy, kontrabanda yo‘l bilan abonent qurilmalarini olib kelinishini cheklash;
  • xaridorlarga abonent qurilmalarini sotib olish paytida ularning maqomini tekshirishga, xarid qilinayotgan mahsulot sifati va servis xizmati kafolatini ta’minlashga yordam berish;
  • xavfsizlik talabiga javob bermaydigan kontrafakt abonent qurilmalaridan foydalanishni kamaytirish hisobiga fuqarolar sog‘lig‘i himoyalash;
  • kontrabanda va kontrafakt abonent qurilmalari noqonuniy aylanmasining pasayishi hisobiga telekommunikatsiya bozorida sog‘lom raqobatni ta’minlash.

Mobil qurilmalarni IMEI-kod orqali ro‘yxatga olish tizimini joriy etish Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan edi. «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK tizim operatori etib belgilandi.