O‘zbekiston Xalq-demokratik partiyasi deputatlari «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunda ko‘zda tutilgan kasallikka chalingan bolalar va qariyalarni parvarishlash bilan shug‘ullangan shaxslarning pensiyaga chiqishiga to‘sqinlik qilayotgan cheklovlarni bekor qilishni taklif etdi. Bu haqda Norma.uz «Narodnoye slovo» gazetasiga tayanib xabar berdi.

Deputatlar Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda nogiron bolalarni huquqiy himoya qilish bo‘yicha o‘tkazgan tahlillarning ko‘rsatishicha, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalarning 98%i uy sharoitida o‘z ota-onasi qaramog‘ida tarbiyalanmoqda. I guruh nogironlari va o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga ham asosan xuddi shu sharoitda qarab turadilar. Parvarishlash bilan shug‘ullangan qarindoshlar odatda uzoq muddat ishlay olmay, pensiyaga chiqish vaqtida muammolarga to‘qnash keladilar. Natijada pensiya yoshiga to‘lganda ham pensiya tayinlash uchun zarur ish stajini to‘plash niyatida ishlashda davom etishga yoxud nafaqa (zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa va mehnatga layoqatsiz fuqarolar uchun, tahr.) olishga majbur bo‘ladilar.

Bunga «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonun normasi sababchi, unda fuqarolarning ko‘rsatilgan toifasini parvarishlash davri umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirdagina ish stajiga qo‘shib hisoblanishi belgilangan. Mazkur cheklov sababli o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan qarindoshlariga qarovchi ko‘pchilik fuqarolar pensiya tayinlash uchun zarur stajni to‘play olmayapti.

Deputatlarning fikricha, yaqinlarini parvarish qilishga o‘zini baxshida qilganlar oldiga bunday cheklovlar qo‘yilmasligi darkor. Shu munosabat bilan parlamentariylar «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunning 37-moddasi birinchi qismi «d» bandi, shuningdek ushbu moddaning ikkinchi qismidagi amaldagi cheklovlarni istisno qilishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqishni taklif etdilar.