Prezidentning 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2018 yilning 1 oktyabridan boshlab davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun asos bo‘ladigan ko‘zdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq to‘lovchilarning pasportlashtirilishining yuritilishi belgilandi.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, ularning ijrosiga kirishildi. Ayni paytda tajriba sinov tariqasida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan 54 ta mahallada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining pasportlarini tuzish, belgilangan joyida mavjudligi, haqiqatda shug‘ullanayotgan faoliyat turini o‘rganish, hisobotdagi va амал­даgi ishchilar sonini solishtirish, noqonuniy va hujjatsiz faoliyat юри­taётганларни aniqlash va ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Mirzo Ulug‘bek tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan mazkur tadbirlarda ishtirok etish uchun Toshkent shahar moliya bo‘limi, tumanda joylashgan tijorat banklari hamda davlat soliq boshqarmasi va inspeksiya xodimlaridan iborat 17ta ishchi guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, jami 170 nafar xodim ushbu faoliyatga jalb etilgan.

O‘tkazilgan o‘rganish ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda jami 7891 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, shundan 6167 tasi yuridik shaxs va 1724 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlarni tashkil etadi.

Ishchi guruh a’zolari tomonidan 19 avgust holatiga jami 6083ta tadbirkorlik sub’ektlarining pasportlari tuzilib, ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan.

Shundan, faoliyat turlari bo‘yicha — chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 1172 tani, umumiy ovqatlanish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 342 tani, ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 576 tani, qurilish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 238 tani, xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar 2554 tani va yakka tartibdagi tadbirkorlar 1035 nafarni tashkil etadi.

Shuningdek, belgilangan tartibda o‘tkazilgan pasportlashtirish jaryonida 166 nafar fuqaroning davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi aniqlanib, ularga belgilangan muddatlarda davlat ro‘yxatidan o‘tishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilgandan keyin yana 108 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, savdo, ishlab chiqarish, qurilish hamda xizmat ko‘rsatish korxonalarini pasportlashtirish jarayonida 1070 nafar fuqaroning norasmiy ravishda ishlayotganligi hamda 277 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlar tasarrufida 507nafar fuqaroning tegishli hujjatsiz yollangan asosda mehnat qilayotganligi aniqlandi.

Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi natijasida soliqlarni to‘lashdan muntazam ravishda bo‘yin tovlayotgan shaxslarni, shuningdek, soliqqa oid huquqbuzarliklarni keltirib chiqaruvchi omillarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash va tahlil qilish hamda ularga barham berish choralari ko‘riladi.