O‘zbekiston prezidenti devoni davlat rahbari faoliyatini ta’minlash hamda uning topshiriq va qarorlari ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi prezident administratsiyasi etib qayta tashkil etildi. Bu haqda «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi.

Prezident administratsiyasiga bunga qadar prezident ijro apparatini boshqarib kelgan Zaynilobiddin Nizomiddinov rahbar etib tayinlandi.

Prezidentning davlat maslahatchilari instituti faoliyati tugatilmoqda. Endilikda ular prezident maslahatchilari hisoblanishadi.

Prezidentning yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev prezident ma’muriyatining ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sektori rahbari Abdujabbor Abduvohidov o‘rinbosari etib tayinlandi.

Madaniyat, matbuot va ijodiy tashkilotlar masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lib ishlagan Xayriddin Sultonov ham vazifasidan ozod etildi. Mazkur sektorda Abdujabbor Abduvohidov vaqtincha rahbar vazifasini bajaradi.

Sultonov davlat rahbari spichrayteri (nutqlarini yozib beruvchi — tahr.) sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Prezidentning qolgan maslahatchilari o‘z lavozimlarini saqlab qoldi. Endilikda ular bosh vazir o‘rinbosarlari faoliyatini monitoring va nazorat qiladi, ular bilan birgalikda ishlaydi.

«Prezident maslahatchilarining shaxsiy javobgarligi oshiriladi», — dedi axborot manbasi.