O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 avgust kuni ta’lim tizimidagi islohotlarning borishi bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi, deb xabar berdi O‘zA.

Majlisda umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro integratsiya, 11 yillik o‘rta ta’lim tizimini joriy etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish, yangi ochilgan oliy ta’lim muassasalari, filiallar faoliyatini tashkil etish muhokama qilindi. Prezident oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi direktori Murodilla Xolmuhamedov, xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov va ularning o‘rinbosarlarining hisobotlarini tingladi.

Belgilangan vazifaga muvofiq, umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini o‘z xohishiga ko‘ra 10-sinfda o‘qishini davom ettirishi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qamrab olish ishlari izchil davom etmoqda.

O‘quv rejasiga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini va 1 kun kasbga doir fanlarni o‘rganishi belgilandi. Kasb-hunar kollejlaridan uzoq masofada joylashgan 2703 ta maktab uchun 1103 ta maktabda, 6956 maktab uchun esa 615 ta kollejda o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi.

Maktablarda 10-sinf ochilishi munosabati bilan 22 ming o‘qituvchiga ehtiyoj yuzaga keladi. Shularning 9,5 ming nafari oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisobidan, 13 ming nafari litsey va kollejlar o‘qituvchilarini jalb etish hisobidan qoplash rejalashtirilyapti.

2017−2018 o‘quv yilidan boshlab 10-sinflarda dars beradigan 116 ming nafar o‘qituvchining qisqa muddatli malaka oshirishi kurslari yo‘lga qo‘yildi.

10-sinf o‘quvchilari uchun 8,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, ayni paytda ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda.

Ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha vertikal tizim yaratilib, vazirlikdan hududlarga 14 nafar, hududiy xalq ta’limi boshqarmalaridan tuman va shaharlarga 195 nafar, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlaridan har bir maktabga mas’ullar biriktirildi.

Bu yil 1-sinfga qabul qilinadigan 650 ming nafar o‘quvchi uchun «Prezident sovg‘asi» sifatida 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq yetkazildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni tanlab olish va ularni oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashni tashkil etish uchun har bir oliy ta’lim muassasasi huzurida bittadan akademik litsey ochish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlariga 25 avgustga qadar barcha ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga sifatli tayyorlash hamda Investitsiya dasturiga kiritilgan ta’lim ob’ektlarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini yakunlash, ko‘rilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.