O‘zbekiston Prezidenti farmon bilan 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini joriy etishni tasdiqladi. Xuddi shu sanadan boshlab xorijga chiqish uchun ruxsat beruvchi stikerni rasmiylashtirish bekor qilinadi. Farmon matni «O‘zbekiston 24» telekanali saytida e’lon qilindi.

Hujjat bilan 2011 yilgi namunadagi hozirda amalda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti O‘zbekiston hududida shaxsni va fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat bo‘lib qolaveradi.

O‘zbekiston fuqarosi 2011 yilgi namunadagi biometrik pasport bilan 2021 yil 1 yanvarga qadar chiqish vizasini rasmiylashtirmasdan mamlakatdan chiqishlari mumkin bo‘ladi.

Viza rejimi o‘rnatilgan mamlakatlarga kirishda amaldagi biometrik pasportlardan uning amal qilish muddati tugagunga qadar foydalanish mumkin.

Xorijga chiqish uchun hujjatlar Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi va O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassislari tomonidan tayyorlanadi va taqdim etiladi.