Rossiyaning Orenburg viloyatida Mercedes Benz mikroavtobusi va Chevrolet Lanos yengil avtomobili ishtirokidagi YTHda O‘zbekiston fuqarolari jarohatlandi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Hodisa 8 avgust kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 22:00da Orenburg viloyatining Nijnyaya Pavlovka — Xolodne Klyuchi yo‘lining 12 kilometrida sodir bo‘lgan. Rossiya FVV ma’lumotlariga ko‘ra, yengil avtomobilda bo‘lgan ikki nafar Rossiya fuqarosi hayotdan ko‘z yumgan.

Mikroavtobusda bo‘lgan 13 nafar O‘zbekiston fuqarosi yengil jarohat olgan. Mikroavtobus yo‘lovchilari shahar va tuman kasalxonalariga yetkazilgan va tibbiy ko‘rikdan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Elchixona konsullik bo‘limi ushbu hodisa natijasida jabr ko‘rgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Mahalliy hokimiyat bilan, jumladan viloyat gubernatori va Orenburg tumani ma’muriyati bilan aloqa o‘rnatilgan.