Toshkentdagi har bir oilaviy poliklinika poytaxt hokimiyati tomonidan Damas rusumli avtomobillar bilan ta’minlanadi. Bu haqda juma kuni bo‘lib o‘tgan brifingda hokim o‘rinbosari — shahar Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimova ma’lum qildi.

Brifing “Toshkent shahrida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish, tibbiyot muassasalari faoliyatini boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish hamda uning samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga bag‘ishlandi.

Poytaxtda bugungi kunda 60 ta oilaviy poliklinika faoliyat olib bormoqda. Yaqin vaqtlar ichida ularning har biri ikkitadan avtomobil bilan ta’minlansa, yana ikkitasi yil davomida taqdim etiladi. “Damas"lar tibbiy-profilaktika xizmatini yanada rivojlantirish, xonadonlarda uyushtiriladigan patronaj ko‘rigini kuchaytirish, tibbiyot muassasasiga tushayotgan murojaatlarga o‘z vaqtida javob berish maqsadida ajratilmoqda.