2 dekabr kuni o‘sha vaqtda davlat rahbari vazifasini bajaruvchi, ayni paytda esa — mamlakatning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonga imzo chekkani O‘zA tomonidan 6 dekabr kuni e’lon qilindi.

Hujjat turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishni ta’minlash, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish, uni mamlakat iqtisodiyotini barqaror o‘stirishning, mintaqalarda turizm salohiyatidan samarali foydalanishning, aholi turmush darajasi va sifatini oshirishda turizm rolini kuchaytirishning qudratli vositasiga aylantirishga qaratilgandir.

Mamlakat ulkan turistik salohiyatga ega bo‘lishiga qaramay, turizm infratuzilmasi, turizm xizmatlari sifati va uning darajasi, shuningdek tarmoqni boshqarish tizimi globallashuv va keskin raqobat sharoitida zamonaviy talablarga mos kelmaydi. Turizmning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholini ish bilan ta’minlash jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan orqada qolmoqda, deyiladi farmonga berilgan rasmiy sharhda.

Farmonda turizm sohasida davlat siyosatining sifat jihatdan yangi bosqichga o‘tishini belgilab beradigan ushbu tarmoqni tubdan isloh qilish bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar nazarda tutiladi, quyidagi asosiy maqsadli vazifalar va ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi:

  • turizm industriyasi sub’ektlari faoliyati uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, turizmni rivojlantirishdagi barcha to‘siq va g‘ovlarga barham berish, viza va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini, pasport va bojxona nazoratini soddalashtirish;
  • turizm xizmatlarini tashkil etishda turistlar va ekskursantlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • turizmning yangi salohiyatli turlari — ziyorat qilish, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik, sport, davolash-sog‘lomlashtirish, qishloq, sanoat, ishbilarmonlik, bolalar, yoshlar va oilaviy turizmni jadal rivojlantirish;
  • turizm sohasida xalqaro va milliy tashkilotlar, yirik xorijiy brendlar va kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirish, turizm xizmati ko‘rsatishning ilg‘or jahon sifat standartlarini joriy etish;
  • respublika mintaqalarida turizm infratuzilmasining zamonaviy ob’ektlari, eng avvalo mehmonxonalar, transport-logistika tuzilmalari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish;
  • raqobatbardosh turizm mahsulotlarini ishlab chiqish, mintaqalarda yangi turizm yo‘nalishlarini yaratish, ularni jahon turizm bozorlariga olib chiqish;
  • turizm tarmog‘i uchun malakali kadrlarni sifatli tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish.

Davlat siyosatini samarali amalga oshirish, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan maqsadli vazifalar hamda ustuvor yo‘nalishlarni tashkil qilish va muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi, uning mintaqalarda bo‘limlari va vakolatli vakillari faoliyat olib boradi.

Shuni alohida qayd etib o‘tish kerakki, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining faoliyati eng avvalo nazorat va ma’muriyatchilik vazifalarini amalga oshirishga emas, balki turizm sohasidagi tadbirkorlik faolligini kuchaytirishga butun choralar bilan ko‘maklashishga, turizmni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan barcha g‘ovlar va to‘siqlarni bartaraf etishga, turizm xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Farmonda turizm sohasida litsenziya berish, sertifikatlashtirish hamda boshqa ruxsatnomalar berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan davlat tomonidan boshqariladigan bir qator prinsipial yangi mexanizmlar belgilab qo‘yildi.

Jumladan, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab turizm faoliyatiga litsenziya berish vazifasi Vazirlar Mahkamasidan yangi tashkil qilingan davlat qo‘mitasiga o‘tkaziladi, bunda mehmonxonalar va odamlar yashaydigan boshqa joylarning litsenziya olishlari to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi. O‘z navbatida 2018 yildan boshlab xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari va avtotransport korxonalarini xorijiy turistlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash maqsadida majburiy sertifikatlash joriy etiladi.

Xorijiy turistlar uchun mamlakatimiz jozibadorligini oshirish maqsadida davlatning viza siyosatini tubdan liberallashtirishni nazarda tutuvchi Farmonning eng muhim jihati quyidagilardan iboratdir:

  • 2017 yilning 1 aprelidan boshlab 15 ta davlat, shu jumladan Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya kabi davlatlarning turistlari, shuningdek 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga keluvchi 12 davlat, shu jumladan Belgiya, Indoneziya, XXR (turistlar guruhlari tarkibida), Malayziya, AQSH, Fransiya, Vetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiyaning fuqarolari uchun viza rejimi butunlay bekor qilinadi;
  • barcha mamlakatlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona turizm vizalari joriy etiladi, vizalar olish, shu jumladan viza olish so‘rovnomalarini to‘ldirishning onlayn tizimidan foydalangan holda olish tartibi sezilarli ravishda soddalashtiriladi, shuningdek 2018 yildan boshlab elektron vizalar tizimi joriy etiladi.

Mazkur tartib-qoidalar O‘zbekistonning turizm sohasidagi ijobiy qiyofasini yuqori darajaga ko‘tarish, mamlakatga turistlar oqimini talay darajada ko‘paytirish, shuningdek, mazkur sohadagi ishbilarmonlik faoliyatini kuchaytirish imkonini beradi.

Aeroportlar, vokzallar hamda davlat chegarasi orqali boshqa o‘tish punktlarida xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasini tubdan oshirish xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlarida qulay shart-sharoitlar yaratilishining muhim omili hisoblanadi. Farmonda shu maqsadlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • 2017 yilning 1 apreligacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun «yashil yo‘lak» bojxona nazorati tizimiни, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish hamda transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish;
  • aeroportlar va vokzallarda rezidentlar va norezidentlarning pasport nazoratidan alohida-alohida o‘tishlarini tashkil qilish;
  • aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni amalga oshirish asosiy transport uzellarida xizmatlar ko‘rsatish sifatining eng ilg‘or jahon standartlariga mos kelishini ta’minlashga, mamlakat xalqaro aeroportlari va vokzallarining reytingini oshirishga qaratilgandir.

Turizm sohasidagi tadbirkorlik faolligini yanada rag‘batlantirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm tashkilotlariga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish Farmonning yana bir muhim xususiyatidir. Jumladan:

  • turizm operatorlari ular tomonidan ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi;
  • mehmonxonalar xorijiy valyutadagi tushumning faqat 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotadilar;
  • xorijiy fuqarolar tomonidan mehmonxonalar xizmatiga haq to‘lash erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun to‘lov respublikaning davlat va byudjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar bundan mustasno;
  • yuridik shaxslar kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirganda ular yuridik shaxslarning foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan, shuningdek yagona soliq to‘lovidan 5 yil muddatga ozod qilinadi;
  • turizm faoliyati sub’ektlari tomonidan sig‘imi 9 kishidan ortiq bo‘lgan yangi avtotransport vositalari sotib olinganligi uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im avtotransport vositalari qiymatining maksimal darajadagi 20 foizi emas, balki 3 foizigacha miqdorda undiriladi.

Farmonda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga manfaatdor idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish Konsepsiyasini, shuningdek 2017−2021 yillarda Konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar Dasturini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi topshirilgan.

Farmonni bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Qarorda davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab berilgan, davlat qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi va Nizomi tasdiqlandi, shuningdek milliy turizm mahsulotini xorijga namoyish qilish, turizm sohasida kadrlar tayyorlash va turizm xizmatlarini sertifikatlash bo‘yicha bir qator idoraviy tashkilotlar tuzildi.

Mazkur Farmonni amalga oshirish iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga, tarkibiy o‘zgartirishlar va diversifikatsiya qilishga, barcha mintaqalarni va turdosh tarmoqlarni kompleks ravishda ildam rivojlantirishning yetakchi kuchi bo‘lish imkoniyatiga ega mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlashga, shuningdek O‘zbekistonning jozibador turizm markazi sifatidagi ijobiy qiyofasini shakllantirishga butun choralar bilan ko‘maklashadi.