Fransiyaning Alstom kompaniyasi (temiryo‘l transporti, jumladan, tramvaylar ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri) Afrika, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqalari uchun savdo va marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Sasha Parne 2-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan investitsiya forumi doirasida “Gazeta.uz”ning poytaxtda tramvay liniyalarini qurish rejalari haqidagi savollariga javob berdi.

Forum doirasidagi uchrashuvlardan birida Alstom kompaniyasining yana bir vakili Toshkentga tramvayni qaytarish rejalashtirilganini, biroq “bugungi kunda bu juda qimmat g‘oya ekani, chunki kommunikatsiyalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishini” aytdi.

Sasha Parne shaharning markaziy qismlaridagi tramvay liniyalari “muhim infratuzilma nuqtalari” ekanini tasdiqlab, qurilish ishlari sababli ko‘plab kommunal, elektr tarmoqlari, kanalizatsiya quvurlarida uzilish bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

“Liniyalarni yotqizishda imkon qadar insonlarning mobilligiga bo‘lgan talabni qondirishga harakat qilishimiz va shu bilan birga muhandislik tarmoqlariga imkon qadar shikast yetkazmasligimiz uchun ba’zi o‘rganishlar talab etiladi”, — dedi u.

Har bir shahar turlicha tuzilgan, shuning uchun tramvay liniyalarini loyihalash va qurishda kommunikatsiyalarning joylashishini hisobga olish kerak.

Alstom vitse-prezidenti tramvay yo‘llarini eski marshrutlar bo‘ylab tiklashni yaxshi variantlardan biri deb hisoblaydi. “Chunki [tramvay liniyalari] borligidan beri u yerga hech narsa qurilmagan bo‘lsa, koridorga kirish mumkinligi aniq. Ammo siz talabni ham hisobga olishingiz va mobillikni eng kerakli joyda belgilashingiz kerak”, — dedi u.

Poytaxt hokimiyati va Transport vazirligi Fransiya kompaniyasiga tramvay liniyasini qurishning ustuvor yo‘nalishi Yangi Toshkent ekanini ma’lum qildi, dedi Sasha Parne.

“Hozirda, biz bilganimizdek, Yangi Toshkent haqiqatan ham kelajak uchun muhim ustuvor yo‘nalishdir. O‘ylaymanki, Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasidagi aloqa juda ustuvor vazifaga aylanib bormoqda. Istalgan muvaffaqiyatga erishish uchun ushbu loyihani rejalashtirib, zamonaviy va kam uglerodli texnologiyalardan foydalangan holda binolar qurish, tirbandlikni keltirib chiqaruvchi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi avtomobillar o‘rniga yashil transportlar afzalroqdir”, — dedi u.

Alstom vakili 2030-yilga borib O‘zbekistonning bir qator davlat organlari Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotganini eslatdi.

Kompaniya hozirgi Toshkent ichida tramvay liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishni rejalashtiryaptimi, degan savolga Sasha Parne, rasmiylarga ko‘ra, poytaxt va yangi Toshkent o‘rtasida zamonaviy transport aloqalarini o‘rnatish ustuvor vazifa ekanini takrorladi.

“Demak, bu — ustuvor vazifa. Va biz bu talablarga amal qilamiz. Ammo texnologiya moslashuvchan va u hamma joyda, jumladan, shahar markazida ham joriy etilishi mumkin”, — dedi u.

Fransiyalik mutaxassis bunday loyihalarni amalga oshirishning ikki yo‘li haqida gapirdi.

“Birinchi usul — kompleks yondashuv bo‘lib, unda tizimning har bir elementi paketlar bo‘yicha sotib olinadi, so‘ngra ular yangi integratsiyalashgan liniyaga birlashtiriladi. Ikkinchi yo‘l — pudratchini „pod klyuch“ tizimi asosida qurilishga jalb qilish. Bunda pudratchi barcha zarur elementlarning, jumladan, relslar, poyezdlar, energiya tizimlari, signalizatsiya, chiptalar integratsiyasi va oxirgi dizaynigacha javobgar bo‘ladi. Har kuni o‘z vaqtida va baxtsiz hodisalarsiz keladigan, xavfsiz va ishonchli tizimga ega bo‘lish hamda interfeysda bir-biri bilan to‘g‘ri aloqa qilish uchun [tarmoqni] bir tizimga birlashtirish zarur bo‘lgan ko‘plab jihatlarni hisobga olish kerak”, — dedi u.

Sasha Parnening ta’kidlashicha, tramvay harakatining turli elementlarini birlashtirish loyihaning muhim va qimmatli qismidir, bu integratsiyani tezkorlik bilan amalga oshira oladigan tajribali mutaxassislar ishtirokida qurilish vaqtini kamaytirish imkonini beradi.

Bo‘lajak loyihalarning taxminiy qiymati haqida gapirarkan, Alstom vitse-prezidenti aniq narxni ayta olmasligi, chunki u shaharning tuzilishi va dizayniga qarab o‘zgarishi mumkinligini bildirdi, biroq gap shartli ravishda yuz millionlab dollarlar haqida ketayotganini qo‘shimcha qildi.

Alstom vitse-prezidenti tramvayni Toshkentga qaytarish uchun hududda transport tadqiqoti o‘tkazilishi kerakligi, bu odamlar va tovarlar harakatidagi ehtiyojni aniqlashga yordam berishini aytdi.

“O‘zingiz aniqlab olishingiz kerak: shaharning maqsadi nima? Shovqin, ifloslanish, uglerod chiqindilari va narxni hisobga olgan holda ehtiyojlarni qondirish uchun mobillik nuqtai nazaridan nimaga erishmoqchisiz? Katta tasavvurga ega bo‘lganingizdan so‘ng siz an’anaviy avtomobillar va yuk mashinalaridan voz kechishni va uzoq muddatda atrof-muhitga yanada xavfsizroq bo‘ladigan va aholi salomatligiga kamroq salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, ifloslanish va iqlim o‘zgarishi sharoitida kamroq karbonat angidrid chiqindilari chiqaradigan jamoat transportidan foydalanishni xohlayotganingizni aytishingiz mumkin… Temiryo‘l transporti mobillikning eng ekologik toza shaklidir”, — dedi u.

Shahardagi barqaror mobillik darajasini baholash uchun Sasha Parne aholi jon boshiga metro uzunligini o‘lchashni taklif qildi. Masalan, 3,5 mln nafar aholiga ega, metro uzunligi 70−80 km bo‘lgan Dubayda bu ko‘rsatkich har 1 mln kishiga 20 km ni tashkil etadi.

“Toshkentda ham, menimcha, 20 km. Tokio, Parij, London kabi transport tizimi 100−150 yil davomida rivojlangan shaharlarga nazar tashlasangiz, bu ko‘rsatkich mintaqada 100−150 km. Bu o‘z taraqqiyoti bilan shu kabi ko‘rsatkichlarga erisha oladigan Toshkentdek shaharlarda qanday imkoniyatlar borligini ko‘rsatib turibdi”, — dedi mutaxassis.

O‘zbekistonning boshqa shaharlariga tramvay kerakmi, degan savolga Sasha Parne mamlakatning boshqa hududlarida transport bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazmaganini, biroq Yevropa tajribasi agar aholi soni 200 ming kishidan oshsa, tramvay liniyalari muhimligini ko‘rsatishini ta’kidladi. “Jamoat transportining katta afzalliklarini ko‘rish uchun shahar aholisi 1−2 million kishi bo‘lishi shart emas”, — dedi u.

Mavzu tarixi

2022-yil noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Parijga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston va Alstom o‘rtasida Toshkentda tramvay tizimini qurish loyihasi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. O‘shanda 9,1 km uzunlikdagi liniyalarning narxi 167,4 mln yevroga baholangan.

Toshkent shahri transport boshqarmasining sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev 2022-yil yozida ikkita tramvay yo‘nalishi — TTZ va Ippodromdan Shimoliy vokzalgacha bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar tayyorlanganini ma’lum qilgan.

2023-yil yanvar oyida Toshkent shahrining o‘sha paytdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev infratuzilma, shaharsozlik, jamoat transporti va mahalliylashtirish sohalarida 1 mlrd yevrolik uzoq muddatli dastur bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqladi. Hujjatda tramvay liniyasining texnik-iqtisodiy asoslari va tramvay vagonlari uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish dasturini ishlab chiqish topshirilgan.

O‘tgan yilning aprel oyida Transport vazirligi rahbari Ilhom Maxkamov mutaxassislar tomonidan “eski” va Yangi Toshkentni bog‘laydigan tramvay liniyasini qurish bo‘yicha ishlarni boshlash taklif qilinayotganini ta’kidlagan. “Agar hozir shahar ichida tramvay qurishni boshlasak, tirbandliklarga ham duch kelamiz, deyishyapti. Tramvay ishga tushirilgandan keyin emas, balki qurilish vaqtida. Bu juda uzoq vaqt talab etadi”, — degandi u.

Joriy yilning mart oyi oxirida vazir tramvayni “Toshkent uchun o‘ta zarur infratuzilma” deb atagan holda yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qilgan.