O‘zbekistonda issiqxonalarga ko‘mir qozoni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda juma kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z bordi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, keyingi yillarda issiqxonalar maydoni 2,6 barobar, mahsulot yetishtirish hajmi esa 3 barobardan ziyod oshgan. Ushbu sohada 80 ming kishi doimiy, 70 ming kishi mavsumiy ravishda ishlaydi.

Issiqxona xo‘jaliklarining samardorligini oshirish maqsadida xorijdan malakali agronom, entomolog va laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizini, ko‘mir qozoni sotib olish xarajatlarining 20 foizgacha qismini qoplash taklif etilmoqda.

Yig‘ilishda mazkur sektorda yangi yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boruvchi Tolali ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish rejalari ham muhokama qilindi.

Ularning natijalari asosida sohaga yangi texnologiya va uskunalarni joriy etish rejalashtirilgan. Fan va ishlab chiqarishni samarali bog‘lab, paxta-to‘qimachilik korxonalari rentabelligini oshirish, shuningdek, paxta, kanop va zig‘irdan olinadigan mahsulotlarning xalqaro standartlar talablariga javob berishini ta’minlash kutilmoqda.

Avvalroq EastFruit portali Turkmanistonning issiqxona pomidorlari Tojikiston bozoridagi o‘zbek pomidorini butunlay siqib chiqargani haqida xabar bergan edi. Moldova va Tojikistonda pomidor narxi O‘zbekistondagiga qaraganda arzonroq, Polshada esa deyarli teng. Buning asosiy sabablaridan biri issiqxonalarda tabiiy gazdan foydalanishni taqiqlash va ko‘mir bilan isitishga majburiy o‘tish bo‘lib, bu “issiqxona biznesining iqtisodini butunlay o‘zgartirib yuborgan va issiqxona sabzavotlarini yetishtirish samaradorligini keskin pasaytirgan”. Shu bilan birga, O‘zbekiston dunyodagi eng yirik gaz zaxiralariga ega va yaqin vaqtgacha yirik gaz eksportchisi bo‘lgan.

Yana bir sabab — O‘zbekistondagi issiqxona korxonalarining xorijiy valyutadagi qarz yukining yuqoriligi bo‘lib, bu milliy valyutaning qadrsizlanishi fonida ko‘pincha qarzga xizmat ko‘rsatishning imkoni yo‘qligi va ishlab chiqaruvchilarning amalda bankrot bo‘lishiga olib kelgan. Issiqxona egalari allaqachon kreditni qaytarish muddatini bir necha bor uzaytirgan. Oxirgi marta o‘tgan yilning avgust oyida prezident 1000 ta issiqxona xo‘jaligi uchun kredit to‘lash muddatini 2,2 trillion so‘mga uzaytirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevral oyida gazni tejash maqsadida issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalarning bir qismi ko‘mir yoqilg‘isiga o‘ta boshlashi haqida xabar bergan edik. Umuman olganda, 2023-yilda 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavodni ko‘mirga o‘tkazish rejalashtirilgan edi.

Avvalroq Ekologiya vazirligining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, Toshkent atrofida ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar sabab “yashil halqa” o‘rniga “kulrang halqa” hosil bo‘lgan. Poytaxt atrofida jami 1314 gektar maydonda 631 ta issiqxona faoliyat yuritmoqda. Vazirlik tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda issiqxonalar soni 2,5 barobar oshgan (Toshkent viloyatida — 2 barobar), ularning 60 foizi isitish tizimining asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanmoqda.