Vazirlar Mahkamasining 30-apreldagi qarori bilan Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unga Sherzod Xodjayev rahbarlik qiladi.

Agentlik 2023-yil oktabr oyida tashkil etilgan. 2021-yilda regulyatorni hukumatdan mustaqil, prezident va Oliy Majlisga hisobdor qilish taklif etilgan bo‘lishiga qaramay, organ Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi.

Agentlik nafaqat elektr energiyasi, balki tabiiy gazning raqobatbardosh bozorini tartibga solish, litsenziyalash va nazorat qilish, tabiiy va suyultirilgan gaz bozorida raqobatni qo‘llab-quvvatlash, bozor jozibadorligini ta’minlash, jamiyat va milliy manfaatlarni himoya qilish funksiyalarini bajarishi kerak edi.

Nizomning qabul qilingan tahririda agentlik Vazirlar Mahkamasidan mustaqil emasligi va gaz bozorini tartibga solish funksiyalariga ega emasligi qayd etilgan.

Agentlik Toshkent shahri Oybek ko‘chasi 26-uydagi binoda joylashgan bo‘lib, u yerda Energetika vazirligining Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O‘zatom”) ham joylashgan.

Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • elektr energiyasining raqobatga asoslangan ulgurji va chakana bozorlarini bosqichma-bosqich tashkil qilishni ta’minlash;
  • bozorda raqobatni qo‘llab-quvvatlash, bozorning jozibadorligini hamda talab va taklifning mutanosibligini ta’minlash;
  • bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng huquq va shaffoflikni ta’minlovchi qonun-qoidalarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish;
  • bozor ishtirokchilari faoliyatini litsenziyalash, ularning litsenziya shartlariga amal qilishini nazorat qilish;
  • 2026-yildan boshlab elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun hamda zarur bo‘lgan boshqa hollarda tegishli tariflar va to‘lovlar miqdorlarini tasdiqlash;
  • magistral va taqsimlash elektr tarmoqlarda yuzaga keladigan texnologik yo‘qotishlarning ruxsat etilgan me’yorlarini tasdiqlash;
  • bozor kon’yunkturasi va energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish hajmlarini oshirishni rejalashtirish va infratuzilmani yaratishga qaratilgan uzoq muddatli investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;
  • energetika sohasidagi qurilish va ta’mirlash ishlarida mahalliy tovar va xizmatlar xarid qilinishini rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish.

Shuningdek, agentlik elektr energiyasi narxi masalasida 2026-yilga qadar Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tariflarni belgilashda bevosita ishtirok etadi va kelishadi. Organ aholi uchun elektr energiyasi tariflarini belgilashda ijtimoiy himoya mexanizmlarini joriy etadi va tariflarni belgilashda energetika sohasida amalga oshiriladigan investitsiya rejalarini inobatga oladi.

2026-yil 1-yanvardan agentlik Vazirlar Mahkamasiga elektr energiyasi uchun tariflar va to‘lovlar hajmini belgilash bo‘yicha takliflar kiritadi.

Agentlik direktori va uning o‘rinbosarlari bosh vazirning taqdimnomasiga binoan prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.