Jizzax viloyatida fuqaroni pichoqlab o‘ldirib, voqea joyidan qochib ketgan shaxsni ushlashda yordam bergan talaba yigit taqdirlandi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 19-aprel kuni viloyatning Zarbdor tumani Oqbuloq mahallasidagi xonadonda erkak bir fuqaroni kelishmovchilik tufayli pichoqlagan va voqea joyidan yashiringan. Jabrlanuvchi ko‘p o‘tmay shifoxonada vafot etgan.

Shundan so‘ng ichki ishlar organlari gumonlanuvchini topish bo‘yicha tadbir olib borgan. Xususan, jarayonda erkak turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgani aniqlangan, xodimlar gumonlanuvchini IIOga kelishga undash maqsadida o‘sha raqam bilan bog‘langan. Ammo qo‘ng‘iroqqa bir yigit javob qaytargan.

“Ko‘chada ketayotganimda bir fuqaro mendan telefonimdan foydalanib olishini so‘radi. Turmush o‘rtog‘iga telefon qilib, jinoyat sodir etganini aytdi, jabrlangan shaxsning ahvoli haqida so‘radi. Undan so‘ng 10 daqiqalar o‘tgach Jizzax viloyati IIB xodimlari menga telefon qilib, o‘sha odam jinoyat sodir etgani va uning izidan kuzatishimni so‘rashdi. Izidan kuzatib bordim va Toshkent shahri IIO xodimlari yordamida jinoyatchini ushladik”, — dedi Davlat jahon tillari universitetining 2-bosqich talabasi Mirzabek Elmurodov.

Yigit oliygoh o‘qituvchilari va talabalari ishtirokidagi yig‘ilishda Jizzax viloyati IIB tomonidan esdalik qo‘l soati, 5 million so‘m pul va ota-onasi nomiga tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Gumonlanuvchini qo‘lga olishda ishtirok etgan Shayxontohur tumani IIBning 4 nafar xodimiga ham esdalik sovg‘alari topshirildi.