O‘zbekiston Ekologik partiyasi ijaraga berilayotgan Do‘stlik bog‘i yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga deputatlik so‘rovi yuboradi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

“Holat aholining e’tiroz va muhokamalariga sabab bo‘lmoqda. Bugun shahar markazlarida yashil bog‘larni barpo etish hayotiy zarurat va dunyo trendiga aylangan. Attraksionli ko‘ngilochar parklar esa asosan shaharlar tashqarisida joylashtiriladi”, — deyiladi partiya bayonotida.

Qonunchilik talabiga ko‘ra shaharsozlik hujjatlari loyihalari belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi kerak. Shularni inobatga olgan holda mutasaddilar mazkur bog‘dagi daraxt va yashillikni saqlab qolishlari, attraksionlar o‘rnatilmasligi va bog‘ni rekonstruksiya qilish loyihasini jamoatchilikka taqdimot qilishlari lozim, deya ta’kidladi partiya.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Ekologik partiyasi har qanday qurilish va rekonstruksiya ishlari atrof-muhitga va daraxtlarga zarar yetkazmaslik, yashil hududlar kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilishi lozim, deb hisoblaydi hamda fuqarolarning talablaridan kelib chiqqan holda mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga deputatlik so‘rovini yuboradi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov 26-martdagi qarori bilan Do‘stlik (sobiq Bobur) parkini 49 yilga G‘afur G‘ulom parkini rekonstruksiya qilgan BPM Smart Decision Management kompaniyasiga ijaraga bergan. Investor rekonstruksiya uchun kamida 10 mln dollar kiritishi lozim. Bu haqda BMP Smart Decision Management direktori Otabek Mirzajonov va Toshkent shahar Mahallalar uyushmasi raisi Furqat Mahmudxo‘jayev 19-aprel kuni uyushtirilgan press-tur doirasida aytib o‘tdi (Mahmudxo‘jayev tadbirga shahar hokimligi nomidan kelgandi). Hokim qarori haqidagi axborot haqqoniy ekanini “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi ham tasdiqladi. Qaror aholi bilan muhokama qilinmagan.

Avvalroq “Adolat” partiyasi Toshkent hokimligini Abdulla Qodiriy va Bobur nomidagi istirohat bog‘larini ijaraga berish kabi muhim qarorlarni qabul qilishdan oldin o‘rganib, jamoatchilik fikrini inobatga olishga chaqirgandi.