Yanvar-mart oylarida O‘zbekiston 360,2 million dollarlik gaz import qildi, buni Prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan tashqi savdo ma’lumotlarida ko‘rish mumkin.

Bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 2,4 barobar (qiymat ko‘rinishida) ko‘p, o‘shanda yetkazib berish 152,9 million dollarni tashkil qilgandi. Bu, shuningdek, 2023-yildagi barcha gaz importining yarmidan ko‘pini (694,9 million dollar) tashkil etadi.

Yanvar oyida “moviy yonilg‘i” importi 35,6 million dollarni, fevralda 3,7 barobar ko‘p yoki 131,1 million dollarni, mart oyida esa 193,5 million dollarni tashkil etdi. Agentlik an’anaviy ravishda yetkazib berishning fizik hajmini oshkor qilmaydi.

Yil boshidan buyon O‘zbekiston, shuningdek, 45,4 million dollarlik gaz eksport qildi: yanvarda — 21 million dollar, fevralda — 5,7 million dollar, martda — 18,7 million dollar.

Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida Xitoy (O‘zbekiston gazining asosiy xaridori) O‘zbekistondan gaz import qilmagan.

Avvalroq yanvar-fevral oylarida Xitoy O‘zbekistondan 57,38 million dollarlik gaz sotib olgani haqida xabar bergandik, bu O‘zbekiston tomoni e’lon qilgan hajmdan 2 barobar ko‘p.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq gaz importini amalga oshirdi. Yetkazib berish orasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichida ulkan gaz zaxiralari bo‘lishiga qaramay, bu holat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni ўрганишгаҳаракат qilgandi.

2023-yil 7-oktabrdan O‘zbekiston gazni Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali shimoliy yo‘nalishda import qilmoqda. Rasmiylar “shimoldan” gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 million dollarga modernizatsiya qilmoqchi.