11-aprel kuni Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Dastlabki tekshiruvda mazkur muzeyning ikkinchi qavatida yong‘in kelib chiqishi oqibatida muzey ekspozitsiyasida namoyishga qo‘yilgan XIX asrga oid masjid eshigi hamda qadimiy miltiqning qo‘ndog‘i yonib zararlangani aniqlangan.

Mutaxassislar ishtirokida tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Natijasi yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinib, qo‘shimcha ravishda ma’lumot beriladi, deyiladi BP xabarida.

Avvalroq tarmoqlarda muzeyda yong‘in yuz bergani, bu jamoatchilikdan sir tutilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holatni tasdiqlagan muzey rahbari Xayrullo Zokirovning aytishicha, yong‘in eskirgan elektr simlarining qisqa tutashuvi ortidan kelib chiqqan.