Fors ko‘rfazi davlatlari Eronning Isroilga misli ko‘rilmagan hujumidan so‘ng mintaqadagi keng ko‘lamli urushni to‘xtatish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda, deya xabar berdi Reuters Yaqin Sharqdagi manbalarga tayanib.

Agentlikning qayd etishicha, so‘nggi yillarda AQShning ittifoqdoshlari bo‘lgan Fors ko‘rfazi monarxiyalari mintaqadagi xavfsizlik masalalarini hal qilish va asosiy e’tiborni o‘zlarining ichki muammolariga qaratish uchun ham Eron, ham Isroil bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qilmoqda.

BAA va Bahrayn 2020-yilda Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Saudiya Arabistoni ham xuddi shunday kelishuvga kirishishni ko‘rib chiqdi, biroq G‘azo sektoridagi urush muzokaralarni izdan chiqardi.

Endilikda Yaqin Sharq mojarolar kuchayishining eng katta tahdidiga duch kelmoqda, deb yozadi nashr. Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush Fors ko‘rfazi mamlakatlariga tezda tarqalishi mumkin. Ulardan ba’zilarining havo hududi Isroil va Eron o‘rtasida joylashgan va u yerda Tel-Avivni himoya qilishga va’da bergan bir qancha AQSh harbiy bazalari ham bor.

“Eskalatsiya hech kimga kerak emas. Hamma vaziyatni jilovlash niyatida. Bosim nafaqat Eronga, balki Isroilga ham javob qaytarmaslik uchun taalluqlidir”, — dedi agentlikka Fors ko‘rfazidagi hukumat doiralariga yaqin manba. Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroilning javobi oqibatlari “butun mintaqaga ta’sir qiladi”.

Boshqa manbalarning ta’kidlashicha, Iroq va Iordaniya ham Eronni, ham AQShni mojaroning keskinlashuvini kamaytirishga undamoqda. Qzshma Shtatlar, o‘z navbatida, ittifoqchi arab davlatlari orqali Eronga xabarlar yubormoqda va Isroilni ham tiyib turishga harakat qilmoqda.

  • Eron Damashqdagi Eron konsulligiga uyushtirilgan hujumga javoban 14-aprelga o‘tar kechasi Isroilga yuzlab dron va raketalarni uchirdi. Isroil raketa va dronlarni urib tushirishga muvaffaq bo‘lganini bildirdi va Eronning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumiga javob qaytarishga va’da berdi. Eron hukumati bunday holatda yana zarba berish bilan tahdid qilmoqda.