Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda jinoiy javobgarlikka tortilgan defektolog, logoped Dilorom Jabborova “Ovoz” nomli markaz tashkil qilgani haqida xabar tarqaldi.

Bolalar ombudsmani holatni o‘rganib, muassasa unga tegishli emasligini aniqladi.

Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, Namangan shahri Yangi Namangan tumanida Jabborovaga tegishli “Ovoz” nomli hech qanday ta’lim muassasa qayd etilmagan. Mazkur hududda so‘nggi vaqt mobaynida ham bunday turdagi hech bir nodavlat ta’lim muassasa ochilmagan, deyiladi izohda.

Aniqlanishicha, “Ovoz” MCHJga tegishli “Ovoz akademiyasi o‘quv markazi” Toshkent viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan. Markaz Namangan shahrining Yangi Namangan tumanida ijara shaklida o‘z faoliyatini boshlagan. Dilorom Jabborova esa uning ochilish marosimida tashkilotchilar tomonidan reklama maqsadida taklif etilgan.

Eslatib o‘tamiz, ayolga 27-fevral kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Yunusobod tumani IIO FMB tergov bo‘limi jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlarini olib bormoqda.

Bolalar ombudsmani xabariga ko‘ra, tergov davomida Jabborovaning bolalar duduqlanishi muammosiga oid har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishi to‘xtatilgan. U bunday xizmat ko‘rsatishni davom ettirmaslik yuzasidan tegishli tartibda ogohlantirilgan.

Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan mazkur ish bo‘yicha o‘z kuzatuvini davom ettiradi. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ma’lumot uchun, Dilorom Jabborovaning Instagram sahifasida 538 ming obunachisi bor, YouTube`da esa uni 25 mingdan, Telegram`da 8 mingdan ortiq kishi kuzatadi.