Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni “Markaziy Osiyo — Ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan xorijiy delegatsiyalar rahbarlarini qabul qildi. Bu TIV rahbarlarining ushbu formatdagi ikkinchi uchrashuvi hisoblanadi.

Qatar bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy bilan ikki tomonlama hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev siyosiy muloqot jadal tus olgani, o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi faol oshayotganini ta’kidladi. oktabr oyida O‘zbekistonda Qatar madaniyati haftaligi bo‘lib o‘tadi.

Qo‘shma investitsiya loyihalarini ilgari surish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini tezroq yaratish muhimligi qayd etildi. Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston rahbari va Qatar bosh vaziri mintaqaviy muammolar, jumladan, Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy keskinlashuvi yuzasidan ham fikr almashdi.

So‘ng Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saudni qabul qildi. O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni munosabatlari va keng ko‘lamli sheriklik munosabatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi, o‘zaro savdo hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni oshib borayotgani qayd etildi.

Saudiya Arabistoni bilan “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, IT va boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Tomonlar bo‘lajak tadbirlarga, jumladan, 2025-yilda “Markaziy Osiyo — Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat va Falastin muammosini tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.

Prezident Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni ham qabul qildi. O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va chuqurlashgan strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘sayotgani va “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi tashkil etilayotganini qayd etdi. Sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlik davom etmoqda.

Tomonlar bo‘lajak sammit uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘rish doirasida ko‘p qirrali hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirishga e’tibor qaratdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi salohiyatni samarali amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qo‘shma investitsiya kompaniyasining loyihalar portfelini kengaytirish muhim ekani qayd etildi.

Bank sektorini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim kabi ustuvor yo‘nalishlarda yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish taklif etilmoqda.

Tomonlar aloqalarni faollashtirish, siyosiy maslahatlashuvlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari, biznes forumlari va ko‘rgazmalarni muntazam o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo bilan siyosiy muloqotni davom ettirish va savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zaro tashriflarni faollashtirish, madaniy va turizm almashinuvlariga oid dasturlarni amalga oshirish, yetakchi kompaniyalar ishtirokida, shu jumladan, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan yaqin hamkorlik doirasida hamda Kuvayt investitsiya agentligi bilan samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish orqali ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini ilgari surish zarurligi qayd etildi.

Yaqin fursatda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar, qo‘shma hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish muhim ekani ta’kidlandi.

Prezident Bahrayn Podshohligi tashqi ishlar vaziri Abdullatif bin Rashid al-Zayaniy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Muloqotda tomonlar ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish va kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Siyosiy muloqotni faollashtirish hamda siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini tez fursatda ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlik, bank-moliya, avtomobil va temiryo‘llar qurilishi, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi dastur va loyihalarni ilgari surish uchun katta salohiyat va keng imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda joriy yilda qo‘shma hukumatlararo qo‘mitaning ilk yig‘ilishini o‘tkazish hamda O‘zbekiston va Bahrayn yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida ishbilarmonlar kengashini ta’sis etish rejalashtirilgan.

Xalqaro kun tartibi, shu jumladan, xavfsizlikka zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy bilan ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini atroflicha ko‘rib chiqdi.

Tomonlar ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi darajasini va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotganini qayd etdi. O‘zbekistonda Amirliklar sarmoyasi ishtirokida 300 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Qo‘shma loyihalar portfeli 4 milliard dollardan oshgan.

“Yashil” energetika, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, transport va kommunikatsiya kabi tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Transafg‘on temiryo‘lining texnik loyihasini tayyorlash va qurilishini boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezident Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramovni ham qabul qilib, u bilan strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda hamkorlikning 10 ta yangi yo‘nalishi bo‘yicha istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar muntazam va samarali muloqotlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi darajaga chiqqanini qayd etdi.