Isroil Suriyadagi Eron konsulligiga berilgan zarbadan keyin Eron yoki unga tegishli kuchlar tomonidan hujum bo‘lishiga tayyorlanmoqda, chunki Tehron bunda Isroil harbiylarini ayblamoqda, deb yozadi Reuters.

Hindiston, Fransiya, Polsha va Rossiya o‘z fuqarolarini mintaqaga sayohat qilishdan ogohlantirmoqda, AQSh esa Isroildagi Amerika elchixonasi xodimlari va ularning oila a’zolariga mamlakat ichida sayohat qilishni to‘xtatib turishni buyurdi. O‘zbekistonning Tel-Avivdagi elchixonasi ham Isroilda yashovchi O‘zbekiston fuqarolarini ehtiyot choralariga rioya qilishga chaqirdi.

Isroil harbiylari odamlarni hushyor bo‘lishga chaqirdi, ammo tinch aholiga yangi ko‘rsatmalar bermadi. “O‘tgan kun davomida harbiylar vaziyatni baholadi hamda Eron hujumi haqidagi xabarlar va bayonotlar ortidan bir qancha ssenariylar bo‘yicha rejalarni tasdiqladi”, — dedi Isroil Mudofaa armiyasi vakili Daniel Hagari.

AQSh rasmiylarining CBS News telekanaliga ma’lum qilishicha, Eron hujumi 100 dan ortiq dron va o‘nlab raketalarni o‘z ichiga olishi hamda Isroil harbiy obyektlariga qaratilishi mumkin. Telekanal suhbatdoshlariga ko‘ra, Tel-Aviv uchun bunday kattalikdagi hujumdan o‘zini himoya qilish qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, ular Tehron mahalliyroq hujumni tanlashi mumkinligini tan oldi.

Politico nashri, o‘z navbatida, Eron AQShning aralashuviga olib keladigan “mintaqaviy mojaroni qo‘zg‘atmay, signal yuborish” uchun Isroilga yirik javob zarbasi berish rejalarini o‘zgartirayotganini yozdi. Reuters xabariga ko‘ra, AQShdagi eronlik manbalar va diplomatlar ham Tehron Vashingtonga vaziyatni keskinlashtirmaslikka ishora qilgani va “shoshilinch harakat qilmasligi"ni aytgan.

Wall Street Journal manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSh Eronning Isroilga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumining oldini olishga umid qilib, Tel-Aviv va mintaqadagi Amerika qo‘shinlarini himoya qilish uchun ikkita buzg‘unchi kemalarini qayta joylashtirgan. Nashr suhbatdoshining ta’kidlashicha, Eron rasmiylari Isroilga hujum qilish rejalarini muhokama qilmoqda, biroq “yakuniy qaror hali qabul qilinmagan”.

AQSh prezidenti Jo Bayden 12-aprel kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Eron Isroilga “kechroq emas, ertaroq” hujum qilishiga ishonishini aytdi. “Biz Isroilni himoya qilishga sodiqmiz. Biz Isroilni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz Isroilni himoya qilishga yordam beramiz va Eron muvaffaqiyatga erisha olmaydi”, — dedi u. Hozir Eronga qanday signal yubormoqchisiz, degan savolga Bayden: “Bunday qilmang”, — deb javob berdi.

  • Aprel oyi boshida Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba bergan, oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) yetti nafar a’zosi halok bo‘lgan edi. Ular orasida IIQKning yuqori martabali qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy ham bo‘lgan, u “Quds” kuchlarining elita bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan. Isroil hujumga rasman izoh bermadi, biroq Isroil rasmiylari hujum ortida Tel-Aviv turganini anonim ravishda tan oldi. Tehron bunga javoban Isroilni “keskin javob” haqida ogohlantirdi.