13-aprel kuni Eron Isroil tomon o‘nlab dron va raketalar uchirdi. Dastlab faqat dronlar hujumi haqida xabar berilgan bo‘lsa, keyinchalik qanotli va ballistik raketalar ham uchirilgani haqida bayonot berildi.

Xususan, Isroil mudofaa kuchlari vakili Daniel Xagari Eron hujumda dronlar, ballistik va qanotli raketalardan foydalangani, jami 200 dan ortiq raketa va dron uchirilganini ta’kidladi.

CNN`ning yozishicha, Erondagi davlat OAVlari hujum haqidagi xabarni darhol tasdiqladi.

“Sionistik rejimning Eronning Damashqdagi elchixonasi konsullik bo‘limiga qilgan hujumi, jinoyatiga javoban, IIQK (Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi) havo kuchlari dronlar va raketalar bilan sionistik rejim hududidagi aniq nishonlarga zarba berdi”, — deyiladi IIQKning davlat televideniyesi orqali o‘qib eshittirilgan bayonotida. Isroil tomon dron va qanotli raketalardan tashqari ballistik raketalar ham uchirilgani haqida Eronning IRNA axborot agentligi ham o‘z manbalariga tayanib, xabar qildi. Biroq bu ma’lumot boshqa manbalar tomonidan tasdiqlanmadi.

Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hujumdan so‘ng darhol xalqqa murojaat qildi. Uning ta’kidlashicha, Isroil uzoq yillardan buyon Eronning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumiga tayyorgarlik ko‘rgan va hozirda barcha mudofaa tizimlari ishlamoqda, shuningdek, Isroil hukumati “har qanday ssenariyga, mudofaaga ham, hujumga ham tayyor”. “Isroil davlati kuchli, Mudofaa kuchlari kuchli, aholisi kuchli”, — dedi u. Bosh vazir, shuningdek, mamlakatni har qanday tahdiddan “xotirjamlik va qat’iylik bilan” himoya qilishga va’da berdi.

Eronning hujumi ortidan AQSh prezidenti Jo Bayden xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. AQSh tomoni Isroilni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi, Buyuk Britaniya va Fransiya esa Eronning harakatlarini qoraladi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay Iroq, Iordaniya va Isroil o‘z havo hududini yopdi. Bir nechta mamlakatlar aviakompaniyalari bu yo‘nalishdagi parvozlarni bekor qildi.

Tehron Eronga javob qaytarish uchun Isroilga havo hududini ochib bergan har qanday davlatga hujum qilish bilan tahdid qildi.

  • Aprel oyi boshida Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi konsulligiga zarba bergan, oqibatda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IIQK) yetti nafar a’zosi halok bo‘lgandi. Ular orasida IIQKning yuqori martabali qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy ham bo‘lgan, u “Quds” kuchlarining elita bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan. Isroil hujumga rasman izoh bermadi, biroq Isroil rasmiylari hujum ortida Tel-Aviv turganini anonim ravishda tan oldi. Tehron bunga javoban Isroilni “keskin javob” haqida ogohlantirdi.