Madaniyat vazirligi 2024−2025-yillarda o‘z budjeti hisobidan The Voice of Uzbekistan (“Ovoz”) teleloyihasi uchun salkam 2 mlrd so‘m ajratadi. Bu bo‘yicha tegishli hujjatlar davlat xaridlari elektron tizimiga (xarid.uzex.uz) joylanganiga dastlab Media24.uz e’tibor qaratdi.

Mablag‘ teleloyiha ishtirokchilarining ustozlari (3 kishi), badiiy rahbar (1), musiqa direktori (1), teleloyihada ishtirok etadigan sozandalarga (6) 6 oylik gonorar to‘lash uchun ishlatiladi. Shartnoma Talent Show mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tuzilgan.

the voice of uzbekistan, маданият vazirligi, овоз, teleloyiha

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning bosh vazir Abdulla Apirovga yo‘llagan xatida aytilishicha, ushbu loyihaning asosiy maqsadi mamlakatda faoliyat yuritayotgan iste’dodli yoshlarni saralash, ulur uchun ijodiy maydon yaratish, yangi iqtidorlarni kashf etish, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha milliy kontent yaratish hisoblanadi.

Vazirning xatida, shuningdek, hukumatdan quyidagi masalalarda yordam so‘ralgan:

  • teleloyihani tashkil etish uchun birinchi navbatda ijodkor yoshlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish va saralash maqsadida Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi 45-uy manzilida joylashgan Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosidan tashkilotchilar so‘roviga binoan kerakli xonalar va tomosha zalini beg‘araz ajratish va zarur sharoitlar yaratish;
  • Toshkent shahri hokimligi tomonidan mazkur manzilda joylashgan qo‘mita binosining tomosha zalida tugallanmay qolgan ta’mirlash ishlarini yakunlash choralarini ko‘rish;
  • Madaniy meros agentligi tomonidan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosi madaniy meros obyekti ekanini inobatga olib, tashkilotchilar uchun ajratiladigan xonalarda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda xulosa berish;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan teleloyihada hududlardan ishtirok etish istagini bildirgan ijodkor yoshlarning dastlabki ro‘yxatini shakllantirish va ularga amaliy-uslubiy kohnak berish, teleloyihada ishtirok etish uchun ro‘yxatga olingan ishtirokchilarning belgilangan muddatlarda xavfsizliklari to‘liq ta’minlangan holda Toshkent shahriga kelib-ketishlarini ta’minlash hamda u bilan bog‘liq sarf-xarajatlarni (transport, ovqatlanish, mehmonxona va boshqalar) oldindan to‘lash;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan teleloyiha o‘tkaziladigan barcha joylarda tez tibbiy yordam punktlarini tashkil etish hamda ushbu hududlaming sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena me’yorlari talablariga to‘liq javob berishini ta’minlash;
  • Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan teleloyiha o‘tkaziladigan obyektlarda jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati, yong‘in va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hamda boshqa tashkiliy masalalarda amaliy yordam ko‘rsatish.