7−28-aprel kunlari Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida “Toshkent bahori” xalqaro opera va balet festivali bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir poytaxtda qariyb 17 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

Italiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan festivalda Milan konservatoriyasi professori, Joakkino Rossini nomidagi simfonik orkestr dirijori Daniel Adjiman, opera solistlari Valentino Boi va Paolo Larditssione ishtirok etadi.

Chet ellik mehmonlar orasida Germaniya, Gruziya va Qozog‘istonning opera va balet teatrlari solistlari bor, lekin eng ko‘p ishtirokchilar Rossiyadan kelmoqda. Festival davomida Toshkent sahnasiga “Gelikon-opera”, “Novaya opera”, Mariinskiy hamda Rossiya davlat akademik katta teatlari ijodkorlari chiqadi.

Sahnada mahalliy dirijyorlar o‘rnini Rossiya, Italiya va Germaniyadan kelgan hamkasblari egallaydi.

Festival dasturi

  • 7-aprel — “Maysaraning ishi” komedik operasi, Sulaymon Yudakov;
  • 12-aprel — “Bal maskarad” operasi, Juzeppe Verdi;
  • 14-aprel — “Bogema” operasi, Jakomo Puchchini;
  • 18-aprel — “Oqqush ko‘li” baleti, Pyotr Chaykovskiy;
  • 20-aprel — “Toska” operasi, Jakomo Puchchini;
  • 21-aprel — “Rigoletto” operasi, Juzeppe Verdi;
  • 24-aprel — “Kameliyali xonim” baleti, Juzeppe Verdi, Pedro Maskani;
  • 26-aprel — “Jizel” baleti, Adolf Adam;
  • 28-aprel — “Traviata” operasi, Juzeppe Verdi.