2024-yil mart oyida O‘zbekistonda 0,7 foizlik inflyatsiya qayd etildi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida keltiriladi.

Yillik hisobdagi inflyatsiya 7,89 foizgacha sekinlashdi, bu — 2016-yil may oyidan buyon eng past ko‘rsatkich (2016-yil may oyida 7,7 foiz).

Mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,8 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5 foizga, xizmatlar narxi esa 0,7 foizga oshdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, oy davomida suyakli mol go‘shti (0,2 foiz; noyabrdan beri ketma-ket pasayish kuzatilmoqda), qo‘y go‘shti (0,1 foiz), tuxum (2,3 foiz), kungaboqar yog‘i (1,1 foiz) narxining pasayishi kuzatildi. Guruch (0,9 foiz), bug‘doy uni (0,9 foiz), yangi sog‘ilgan sut (2,6 foiz), shakar (1,9 foiz) narxlari esa ko‘tarildi.

Oxirgi oyda meva-sabzavot mahsulotlari orasida bulg‘or qalampiri 23,9 foizga, karam 8 foizga, pomidor 5,3 foizga, limon 4,9 foizga, baqlajon 4,7 foizga qimmatlashdi. Apelsin 5,1 foizga, banan 4,6 foizga arzonladi.

Mart oyida alkogolli ichimliklar narxi 0,8 foizga, tamaki mahsulotlariniki 0,5 foizga ko‘tarildi.

O‘tgan oyda Jizzax viloyatida maishiy chiqindi uchun to‘lov qiymatida o‘sish kuzatilib, mazkur xizmat turining respublika bo‘yicha qisqa muddatli inflyatsiyasi 2,5 foizni tashkil etdi. Eslatib o‘tamiz, maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lov 2024-yil fevral oyida respublika bo‘yicha o‘rtacha 9,4 foizga (yanvar va fevral oylarida — 29,2 foizga) oshgandi. Umumiy hisobda, o‘tgan yilning martiga nisbatan respublika bo‘yicha chiqindilarni olib chiqib ketish uchun to‘lov qiymati deyarli 1,5 baravar (49,4 foiz) oshdi.

Sovuq suv va kanalizatsiya bo‘yicha respublikada o‘rtacha narxlar oy davomida 3,5 foizga, yil boshidan buyon 5,2 foizga, o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan 73,5 foizga ko‘tarilgan.

O‘tgan oyda tibbiy laboratoriya xizmatlari narxi 3,4 foizga, dori vositalariniki esa 2,2 foizga qimmatlashdi.

Temiryo‘l transporti xizmatlari narxida kuzatiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlar chiptasi narxlarining oshishi hisobiga o‘sish kuzatildi. Xalqaro yo‘nalishda kuzatiladigan aviatashuvlar oy davomida o‘rtacha 2,9 foizga, ichki yo‘nalishda 1,8 foizga qimmatlashdi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida benzin narxi 0,1 foizga (yil boshidan beri 4,6 foizga, o‘tgan yil mart oyiga nisbatan 125,2 foizga) qimmatladi, metan narxi o‘zgarmadi (yil davomida +19,3 foiz). Propan narxi oy davomida 3,3 foizga arzonlashdi (yil boshidan hisoblaganda 2,8 foizga, o‘tgan yilning martiga nisbatan esa 12,4 foizga qimmatlashgan).