“Gazeta.uz” turli soha vakillari bilan odamlar orasida iqtisodiyot haqida tarqalgan miflar va yanglish tasavvurlarni muhokama qilishga qaratilgan “Mifonomika” loyihasini davom ettiradi. Loyihaning sakkizinchi sonida kinorejissyor Sarvar Karimov bilan “Kino davlat pulisiz yasholmaydi” degan mif haqida gaplashdik.

Quyida suhbatni matn ko‘rinishida biroz qisqartirilgan holda o‘qishingiz mumkin.

Kino bilan bog‘liq qanday miflarni ko‘proq eshitasiz?

Kino to‘liq miflardan iborat desam ham bo‘ladi. Avvaldan odamlarda “kino mo‘'jizasi” degan tushuncha bo‘lgan. Masalan, oldin Marchello Mastroyanni degan italiyalik aktyor bo‘lgan, unga odamlar xuddi avliyoga qaragandek qarashgan. Bunday odamlar kundalik hayotda qanday yashashi haqida hech kimda tushuncha bo‘lmagan.

Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar ko‘payib ketgani hisobiga sirlilik yo‘qolgan bo‘lishi mumkin. Chunki barcha eng yorqin yulduzlar ham hammaga o‘xshash hayot kechirishini ko‘rib turibmiz. Shunga qaramay, ayrim odamlarda kinoning mo‘'jizaviy xususiyati bor degan qarashlar saqlanib qolgan.

Menga eng yoqmaydigan mif — kino qandaydir oson narsa, xursandchilik bo‘lsa kerak, degan qarash. Lekin bunday emas. Kino ham boshqa ishlar kabi ish. Kinoda ham xuddi zavodda ishlangani kabi ishlanishi kerak bo‘lgan jarayonlar bor. Masalan, qaysidir sahnani suratga oladigan bo‘lsangiz, u yerga dastlab rassomlar guruhi kirib, atmosferani chiqarib berishi kerak bo‘ladi. Keyin esa operatorlar kirib, chiroqlarni joylashtirishi kerak. Avvalgi sahnada ishlatilgan oddiy bir rekvizit yo‘qolib qoladigan bo‘lsa, butun tasvirga olish jarayoni to‘xtab qolishi mumkin.

Kino ham ish, juda ham murakkab ish. Ko‘p odam bir vaqtning o‘zida qilishi kerak bo‘lgan, ko‘plab voqea va hodisalarga bog‘liq bo‘lgan jarayon. Birdan yomg‘ir yog‘ishi yoki quyosh chiqib ketishi butun suratga olish jarayonini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Kino O‘zbekistonda qanday moliyalashtiriladi?

Kinoni turli yo‘llar bilan moliyalashtirish mumkin. Kimdir o‘zining yonidan pul ishlatib kino olmoqchi bo‘lsa ham, hech kim qarshilik qilmaydi. Bu ham pul topish mumkin bo‘lgan sohalardan biri. Ikkinchi yo‘l — homiylar yordamida moliyalashtirish. Uchinchi yo‘l esa kam sonli davlatlarda bo‘lgani kabi davlat tomonidan kinolarga pul ajratish hisoblanadi. Bu amaliyot ko‘p davlatlarda mavjud emas. Xususan, Gollivud kinolari uchun soliq to‘lovchilarning puli hech qachon ajratilmaydi.

Davlat tomonidan kinoga pul ajratish ko‘proq Sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan davlatlarda saqlanib qolgan an’ana hisoblanadi. Kinoni bunday moliyalashtirish, xususan, Rossiyada va, adashmasam, Qozog‘istonda ham mavjud.

Buning qanchalik yaxshi yoki qanchalik yomon ekanini bilmayman. Bir tomondan, davlat kinoga pul ajratish kerakligi aytiladi. Mening fikrim bo‘yicha esa davlatning kinoga pul ajratishi sohaga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirgan.

Davlat pulisiz kino olayotganlarning ulushi qanchani tashkil etadi? Kino bozoridagi asosiy ulush davlat buyurtmasi asosida olinayotgan kinolardami yoki xususiy sektordami?

Bizning kino haqida gapiradigan bo‘lsak, uni ayrim davrlarga ajratib olsak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Sovet paytida bizda kinolar faqat davlat pul ajratilishi hisobiga olingan. Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin undan ajralib chiqqan davlatlar oyoqqa turib olishi kerak bo‘lgan. Bunday paytda esa san’at, kino haqida hech kim o‘ylamaydi. Shu sababli kinoga ma’lum muddat davomida pul ajratilmagan va umuman kino suratga olinmagan.

Biroz vaqt o‘tgach, 1994, 1995-yillarga kelib kinoga ham pul ajratish boshlangan. Xususan, 1996-yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligiga bag‘ishlab katta film ishlanishi rejalashtirilgan. Bu kartina uchun katta pul ajratilgani aytiladi. Ustozlarimizning aytishicha, bu kino uchun 7 mln dollar ajratilgan ekan. Bu kartinadan keyin kinoga pul ajratish yana to‘xtab qolgan. Chunki “shuncha pul bergandik, bunaqa kino ishladilaring” deyishgan.

Bu taxminan 2000-yillargacha davom etgan. O‘sha vaqtda Murod Muhammad Do‘st “O‘zbekkino"ga rais etib tayinlangan. Bu inson birinchi prezident Islom Karimov bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan va prezident oldiga kirib, hech bo‘lmaganda yiliga 6−7 ta kichikroq kinoga pul ajratishni so‘ragan.

Shundan keyin o‘zbek kinosida ozgina rivojlanish boshlangan. Murod Muhammad Do‘st paytida yaxshi kinolar olingan. Xususan, Yusuf Roziqovning eng yaxshi kinolari — “Dilxiroj”, “Erkak”, “Ayollar saltanati”, “O‘rtoq Boykenjayev”, “Voiz” o‘sha vaqtda tasvirga olingan. Bularning barchasi o‘zbek kinosi uchun juda muhim ahamiyatga ega, aksariyati kinoasar sifatida yetuk mahorat bilan ishlangan.

O‘sha vaqtda Zulfiqor Musoqovning “Osmondagi bolalar” filmi ham olingan va odamlar kinoteatrga tushishni boshlagan. Aniq bilaman, bu film bir yildan ortiq kinoteatrda turgan. U vaqtda DVD disklar orqali tarqalib ketish degan narsa yo‘q edi. “Osmondagi bolalar” ham lekin davlat buyurtmasi asosida olingan film.

Keyinchalik xususiy kinolar ham asta-sekin rivojlanishni boshlagan. Masalan, Rustam Sa’diyev xususiy kinolar olishni boshlagan. Birinchi suratga olgan kinolari “Muhabbat sinovlari” bo‘lgan. Keyin Jahongir Qosimov bosh rolni Otabek Madrahimov ijro etgan “Taqdirlar” filmini olgan.

Odamlarda kinoteatrga tushishga ehtiyoj bo‘lgan. Shunchalik ko‘p odam kinoteatrga borganidan Panoramaning (Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi — tahr.) “eshiklari sinib ketgan”.

O‘sha vaqtda tomoshabinlarda ehtiyoj bo‘lgani sabab xususiy kinolarimiz juda yaxshi rivojlangan. “Sevinch”, “Telba”, “Super kelinchak”, “Kelgindi kelin”, “Kelgindi kuyov” kabi bir qancha yaxshi filmlar chiqqan. Bu kinolarni nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo, Kavkaz tomonlarda ham katta qiziqish bilan ko‘rishgan.

Masalan, Qozog‘istonda biron-bir xonadon bo‘lmagan ekanki, u xonadonda Bahrom Yoqubovning “Fotima va Zuhra” filmi bo‘lmasa. Ulug‘bek Qodirov yulduzlik bo‘yicha Qozog‘istonda ham, Qirg‘izistonda ham Gollivud yulduzlaridan kam bo‘lmagan. Bred Pitt, Jonni Deppni qanday tanishsa, Ulug‘bek Qodirov, Farrux Soipov, Adiz Rajabov, Dilnoza Kubayevalarni xuddi shunaqa tanishgan.

Afsuski, keyin kinomizga bo‘lar-bo‘lmas aralashuvlar bo‘ldi. Nima uchun bachkana kinolar ishlanyapti, qabilidagi gaplar bilan ishlab turgan sohani nima uchundir to‘xtatmoqchi bo‘lishdi. Bu juda noto‘g‘ri ish edi. To‘g‘ri, o‘sha vaqtdagi kinolar orasida bachkana, saviyasi past filmlar ham bo‘lgandir. Lekin buni deb butun sohani to‘xtatib qo‘yish kerak emasdi.

Eng muhim narsa — odamlar kinoteatrga tushardi. U vaqtda Rossiyada ham mamlakatning o‘zida suratga olingan kinolarni ko‘rish uchun odamlar kinoteatrga bormasdi. Biz esa o‘zimizning kinolarga tushardik.

U vaqtda siz kinongizni kinoteatrga qo‘yishingiz uchun “O‘zbekkino” badiiy kengashidan “prokat guvohnomasi"ni olishingiz kerak bo‘lardi. Ya’ni qonun sizga kino olishni taqiqlay olmaydi, chunki bu ijod erkinligi hisoblanadi. Lekin kinoni kinoteatrga qo‘yishingiz uchun ruxsat olishingiz kerak edi. Keyinchalik mana shu ruxsat berilmay qo‘ydi.

O‘sha payt hamma kino to‘xtadi, kinoteatrlar faoliyati ham to‘xtadi va odamlar o‘z-o‘zidan kinoteatrga bormay qo‘ydi. Bu o‘zbek kinosiga berilgan birinchi katta zarba bo‘ldi. Chunki odamlarda kinoga borish madaniyati, an’ana to‘xtab qoldi.

Hozirgi kunda ham odamlarimiz o‘zimizning kinolarni ko‘rish uchun kinoteatrga bormayapti. O‘sha boshqa davlatlarda kuzatilgan muammo bizga ko‘chdi. Odamlar chet el kinolariga tushyapti, lekin o‘zbek kinolariga tushmayapti.

Davlat pulisiz kino olayotganlar hozir ham bormi?

Afsuski, hozirgi kunda kinolar kinoteatrda qo‘yilmayapti. Yaqin orada qaysi o‘zbek filmining premerasi bo‘lganini eslay olasizmi? So‘nggi bor sal mashhur bo‘lgan premera “Baron 2” filmining premerasi bo‘ldi.

Hozir xususiy studiyalarga kinodan ko‘ra serial olish foydaliroq bo‘lib qoldi. Ular serial olib, televideniye orqali qo‘yishmoqda. Chunki kino juda ham ko‘p pul talab qiladigan soha. Kino olganingizdan keyin u hech bo‘lmasa o‘z xarajatlarini qoplashi haqida o‘ylaysiz. Kino namoyishi boshlanganidan keyin sotilgan biletlardan tushgan pulning yarmi kinoteatrning o‘zida qoladi. Ya’ni 100 ming dollarga olgan kinongiz o‘z xarajatlarini qoplashi uchun 200 ming dollarlik bilet sotilishi kerak. Serial uchun televideniye pul to‘lashi aniq va xavfsiz bo‘lgani uchun studiyalar ko‘proq shu ish bilan shug‘ullanmoqda.

Qaysi davlatning kinoga yondashuvi sizga ko‘proq yoqadi?

Bu savolga javob berish uchun katta tahlilchi bo‘lish shart emas. Shunchaki qaysi mamlakat kinosi dunyoni egalladi, degan savolni berish kerak. Bu davlat — AQSh. Demak, AQSh to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda. AQShda, Gollivudda, juda ham yaxshi filmlar olinadi. To‘g‘ri, ularning orasida hamma davlatda bo‘lgani kabi yomon filmlar ham bor. Lekin Gollivudda umuminsoniy g‘oyalarni ilgari suradigan, har bir odam ko‘rsa o‘zi uchun ulkan ma’naviy ozuqa oladigan san’at asarlari yaratiladi.

Masalan, bu yil 70-yillar estetikasini tasvirlab, The Holdovers degan ajoyib film olindi. Yoki Oppenheimer haqida gapirsak, ajoyib kartina. Men hech qachon fizik olimlar haqidagi filmni 3 soat o‘tirib, triller ko‘rayotgandek ko‘raman deb o‘ylamagandim. “Gollivud unaqa, bunaqa”, deydiganlarning hech qaysi biri butun ijodi, umrini tikib yuborsa ham, Oppenheimer`ning 5 daqiqasini ololmaydi.

Ikkinchi havas qilsa bo‘ladigan kinematograf — Janubiy Koreya kinematografi Pon Jun Xoga katta rahmat aytish kerak. “Parazitlar” filmi Kann festivalida ham, Oskar marosimida ham bosh mukofotni olganidan so‘ng bu mamlakat kinosiga bo‘lgan qiziqish bir necha baravar oshib ketdi.

Bu ikki davlat qanday yo‘nalishda ketmoqda? Ular kinoga erkinlik bergan, ortiqcha siquvga olmagan. Biz kinoga e’tibor beryapmiz deb, uni qaytanga siquvga olib qo‘yyapmiz. Kino haqida alohida qonunlar, alohida qarorlar bo‘lishi kerakmikan? Umumiy qonun-qoida bor.

Siz audiovizual asar yaratayotganingizda, u Instagram uchun bo‘ladimi, TikTok yoki YouTube uchun bo‘ladimi — umuminsoniy tushunchalarga qarshi bormasangiz yetarli. Adovatni targ‘ib qilish, kimnidir kamsitish, tuhmat qilish mumkin emas. Shuning o‘zi yetarli emasmi? TikTok yoki Instagram uchun alohida qonun chiqarmaymiz-ku. Umumiy qonun bor, shuning asosida yashash va ishlash kerak.

Masalan, Gollivudda kino uchun alohida qonun bor deb o‘ylamayman. Umumiy konstitutsiya, qonunlar bor, ular buzilsa, umumiy tartibda javob beriladi. Bundan tashqari, Gollivud kinosida badiiy kengash degan narsa yo‘q.

Kino sohasidagi mutaxassislarda, qaror qabul qiluvchilar yoki ularga yaqin odamlarda qachondir davlat kinoga pul ajratishni to‘xtatishi kerak, degan fikr bo‘lganmi?

Men boshqa hamkasblarim uchun javob berolmayman. Shaxsiy fikrimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, O‘zbekiston bugungi kunda kinoga pul berishni to‘xtatishi yoki qattiq cheklashi kerak deb hisoblayman. Umuman olganda, bizga Madaniyat vazirligi kerakmi? Vazirlik tuzilmasida bo‘lgan “O‘zbeknavo”, “O‘zbekkino” tashkilotlari bizga kerakmi, degan savolni davlatimiz o‘z oldiga qo‘yishi kerak.

Chunki juda ham katta pul ajratiladi. Bu pullarni vijdonan, halol, o‘g‘irlamasdan boshqa sohalarga ajratganimizda, ancha yaxshi bo‘lardi, ta’lim, tibbiyot, yo‘llarni tekislash, energetika sohasiga masalan.

Siz davlat telekanallarini ko‘rasizmi? Men ko‘rmayman, uyimda ham hech kim ko‘rmaydi. Chunki o‘ta zerikarli, faqat bir xil qolipdan iborat, jannatmakon o‘lkani ko‘rsatadi. Lekin MTRKga bir yilda 500 mlrd so‘mdan ortiq pul ajratiladi.

Bozor nuqtai nazaridan qarasak, hech qaysi tadbirkor o‘zining cho‘ntagidan bu tashkilotga shuncha pul bermasdi. Chunki bergan pulingiz shunchaki yo‘qolib ketadi: na pul, na foyda ko‘rinishida qaytadi.

Biz axborot maydonimizni to‘liq berib qo‘yib bo‘lganmiz. Shuni tushundimki, axborot maydonimizni ko‘p jihatdan Rossiya telekanallariga berib qo‘ygan ekanmiz. Odamlar Rossiya telekanallarini ko‘rar ekan, chunki ular bilan gaplashsangiz, Rossiya propagandasining gaplarini gapirishyapti. Shuncha pulni ko‘kka sovurib nima qilamiz?

Madaniyat vazirligiga har yili trln so‘mdan ortiq pul ajratiladi. Ko‘p davlatlarda Madaniyat vazirligi yo‘q. Chunki madaniyat davlat tomonidan boshqarilishi kerak bo‘lgan soha emas aslida. Davlat tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, harbiy soha, tibbiyot, o‘rta ta’lim boshqarilishi kerakdir, lekin madaniyat sohasi emas. Madaniyat sohasida yo‘qolib borayotgan san’at turlarini saqlab qolish uchun agentlik bo‘lishining o‘zi yetarli.

Madaniyat vazirligimiz bor, Yozuvchilar uyushmamiz bor, “O‘zbekkino"miz bor, lekin, oxir-oqibat, nimaga erishdik? Oldin sovet mustabid tuzumi derdik. Lekin mustabid tuzum tugaganiga ham 30 yildan oshdi. Shu yillar ichida qanday natijaga erishdik? Bironta yozuvchimiz dunyo miqyosida mashhur bo‘ldimi? Qaysi yozuvchimizning kitobini dunyoda kutishmoqda? Qaysi o‘zbek kinosini jahonda kutishmoqda? O‘zbekistonda ham hech kim kutmayapti-ku.

Shuning uchun ham bu masalani ko‘rib chiqish kerak. To‘g‘ri, bu juda ham og‘ir, juda ham qiyin bo‘lishi mumkin. Lekin bu ishni baribir qilish kerak. Davlat o‘zida “30 yil shu narsani qilib ko‘rdik, demak, bunga boshqacha yondashish kerak”, deyishga kuch topishi kerak.

Nima uchun aynan kino, futbol va shunga o‘xshash sohalarga pul tikilishi ko‘p tanqid qilinadi deb o‘ylaysiz? Ta’limga, tibbiyotga pul ajratilganda, pulning qanday ishlatilishi haqida savollar bo‘ladi, lekin nima uchun bu sohaga ajratilgani haqida savollar bo‘lmaydi?

Chunki bu sohalar davlat nazorati kerak bo‘lgan sohalar hisoblanadi. Davlat energetika, tibbiyot va boshqa sohalarga javob berishi kerak. Bu sohalarga pul ajratilganda, siz tushunmasangiz ham, shunaqa bo‘lishi kerakligini, bu to‘g‘ri ekanini sezib turasiz.

Futbol ham, kino ham inson yashashi, hayoti davom etishi uchun muhim bo‘lmagan narsalar sanaladi. Shuning uchun bu sohalarga davlat katta pul ajratishi emas, bu sohalar o‘zini o‘zi eplashi kerak.

O‘zi shundoq ham yetarlicha muammolarimiz bor. Agar Norvegiya, Shveysariya, Daniya kabi pulimiz ko‘p, hamma sohalarimiz zo‘r bo‘lganda edi, mayli, kinoga ham pul ajrataylik desak, yarashishi mumkin. Lekin sal yomg‘ir yog‘sa, “svet” bo‘lmasa, sal isib ketsa, “svet” bo‘lmasa, ta’limimiz, tibbiyotimiz bunaqa ahvolda bo‘lsa, bunaqa vaqtda trillionlab pul madaniyat sohasiga ajratilishini men ham noto‘g‘ri deb hisoblayman.

Davlat kinoga pul berishni to‘xtatsa, nima bo‘ladi?

Ishonmanki, ozgina muddat o‘tgach, kinomiz rivojlanib ketadi. Chunki har bir studiya bundan buyon kinoga davlat aralashmasligini tushunadi va kinoga pul tikib, yaxshi pul topish mumkinligiga ishona boshlaydi. Lekin buning uchun davlat kinoga aralashishni ham to‘liq to‘xtatishi kerak. Bizda oldin juda ham yaxshi studiyalarimiz bor edi, ular kinoga yaxshi pul ajratardi.

Faraz qiling, siz kinongizga 100 ming dollar yoningizdan pul tikdingiz. Endi kinoni chiqaraman degan vaqtingizda qaysidir aktyoringizni “zapret"ga tiqib qo‘yishdi. Nima uchun bunday bo‘lganini ham bilmaysiz. Shunchaki, kinoingiz endi chiqmaydi. Albatta, bunday bo‘lgandan keyin siz boshqa kinoga pul tikmaysiz.

Agar shunaqa amaliyotlar yig‘ishtirilib, davlat “kinoga alohida yondashuvimiz yo‘q, umumiy O‘zbekiston qonunchiligi bor, shuni buzsangiz, javobgar bo‘lasiz, qolganiga biz aralashmaymiz”, deydigan bo‘lsa, kino rivojlanib ketishiga ishonaman.

O‘zbekistonda kinofestivallar ham o‘tkazib turiladi. Bularning kinoga qanday foydasi bor?

Festival — bayram degani. Kinofestival kinoning bayrami hisoblanadi. Bunday tadbirlar bo‘lishi kerak. Lekin hozirgi kunda O‘zbekistonda bo‘layotgan kinofestivallarni mutlaqo keraksiz deb hisoblayman. Chunki bizda festivalda ko‘rsatadigan kinomizning o‘zi yo‘q. Mehmonlarni pul berib chaqiramiz. Sharmandalik emasmi? Bunday soxta obro‘ning kimga keragi bor? Festivalga mehmonlar pulga kelishi — sharmandali holat.

Festivalni shunday qilish kerakki, Lyuk Bessonning o‘zi uni chaqirishlarini iltimos qilishi kerak. Emir Kusturitsa pulga kelishi emas, keyingi kinomni Toshkentdagi festivalda qo‘yaman, deyishi kerak. Kann festivali hech kimni pulga chaqirmaydi. Kimdir bunaqa festival bo‘lishi kerak deb hisoblar. Lekin, menimcha, bunday bo‘lishi kerak emas. Bu — mening shaxsiy fikrim.